Yangi usul afzalliklari

– Bugun dunyo tibbiyotida jarrohlik amaliyotlarini imkon qadar kesmasdan bajarish usullari qo‘llanilmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmotologiya  va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘limi boshlig‘i Shohaydar Shotursunov. – Bu bemorning umumiy ahvoliga ziyon yetkazmasdan muolajaning samarali bo‘lishini ta’minlaydi. Biz amalga oshirgan umurtqa pog‘onasi disk churralarini plazmali nukleoplastika usuli bilan davolash muolajasi ham kam invaziv jarrohlik amaliyotiga kiradi. Mahalliy anesteziya qo‘llanilgani uchun bemor hushini yo‘qotmay organizmida olib borilayotgan tibbiy amaliyotni kuzatib turishi mumkin. Eng asosiysi, ortiqcha qon yo‘qotish va boshqa shu kabi salbiy holatlar kuzatilmaydi. Bemor bir haftada salomatligini tiklab ish faoliyatiga qaytadi. Biz bu usulni koreyalik mutaxassislar ko‘magida o‘rganib, Toshkentda keng yo‘lga qo‘ydik. Endi Samarqandda ham bemorlarni davolashda bu usuldan foydalanilmoqda.

Zamonaviy usuldagi jarrohlik amaliyotini keng joriy etish maqsadida markazning uch nafar xodimi xorijda tajriba o‘rganib keldi. Endilikda ular shu tizim asosida ish olib boradi.

A.Ro‘zimurodov umurtqa pog‘onasi bel-dumg‘aza umurtqalari ostexondrozi VL4 – VL5 segmenti disk churrasi og‘riqli sindromi bilan markaz mutaxassislariga murojaat qilgan. Davolash muolajalaridan so‘ng ham bemorda og‘riq kuzatilgach, unga zamonaviy jarrohlik davolash usuli – perkutan plazma bilan nukleoplastika muolajasi taklif qilindi. U markazda zamonaviy muolaja usulida davolangan ilk bemorlardan biri bo‘ldi.

– Ushbu bemorning ish faoliyati doimiy ravishda tik turib ishlash bilan bog‘liq bo‘lganligi bois, umurtqa pog‘onasi bel-dumg‘aza umurtqalari ostexondrozi erkin harakatlanishni cheklab qo‘ygan edi, – deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Farhod Botirov. – Yangi usuldagi jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemor o‘zini yaxshi his qilmoqda. Oyoq harakatlaridagi og‘riq ham to‘xtagan. Hozircha 6 nafar bemorning umurtqa pog‘onasi disk churrasi bilan bog‘liq jarrohlik amaliyoti mazkur usulda o‘tkazildi.