Yangi yil archasini qanday bezatish kerak?

Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi bu borada xavfsizlikka jiddiy e’tibor berish zarurligini eslatdi.

"Yangi yil archasini uy sharoitida xona ichiga o‘rnatayotganda uni bemalol ko‘chirish mumkinligiga va eshiklarni to‘sib qo‘ymasligiga alohida e’tibor qaratish lozim. Archani tez yonuvchan o‘yinchoqlar bilan bezatish, uning pastki qismini paxta bilan qoplash, yog‘ochni yonuvchi shamlar bilan bezatish aslo mumkin emas", deyiladi eslatmada.

Mazkur qoidalar tabiiy, shu bilan birga plastikdan yasalgan (sun’iy) archalarga ham birdek tegishli hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, plastikdan yasalgan (sun’iy) archalar yonganda o‘zidan juda zararli moddalar chiqaradi. Yonib turgan plastmassa tomchisi inson terisiga tushsa, hatto cho‘g‘ bo‘lgan ko‘mirdan ko‘ra ko‘proq ziyon yetkazishi mumkin.

Bayramdan keyin archani iloji boricha tezroq yig‘ib olish kerak. Plastikdan yasalgan (sun’iy) archani keyingi bayramgacha xavfsizroq joyga olib qo‘yish, tabiiy archani esa uy ichidan olib chiqish maqsadga muvofiq. Sababi, qurigan daraxt tez yonib ketish xavfi bor.

Elektr tokida ishlovchi o‘yinchoqlar bilan foydalanganda (girlyandalar) albatta sinchiklab tekshirish kerak. Birinchi navbatda, ularning izolyasiyasiga e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, bunday turdagi o‘yinchoqlar tegishli sertifikatga ega ekanligiga ishonch hosil qilish lozim. Agar ularning yaroqlilik muddati o‘tib ketgan bo‘lsa, u holda bu o‘yinchoqlar inson salomatligiga xavf tug‘diradi.

Ko‘pchilik Yangi yil bayramiga mushaklar va boshqa pirotexnika vositalarini xarid qilishni istaydi. Ammo pirotexnika vositalaridan foydalanish nafaqat yong‘inni keltirib chiqaradi, balki og‘ir jarohatlarga ham sabab bo‘ladi.

"Yangi yil bayramida o‘zingiz va yaqinlaringizni, ayniqsa bolalarni turli ko‘ngilsiz hodisalardan asrash maqsadida xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishingizni so‘raymiz", deya tavsiya beradi viloyat FVB.