Yangicha milliy saylov xalq xohish-irodasini ifodalaydi
2021 yil 8 fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarimiz saylov huquqlarining kafolatini yanada mustahkamlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Konstitutsiyamizning 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilar edi. Qonundagi yangi o‘zgartirishga ko‘ra, mamlakatimizda saylovlarni o‘tkazish muddati oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirilmoqda. Buning bir qator sabablari bor.
Birinchidan, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2020 yil fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlarida hamda Toshkent shahrida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan davlat va nodavlat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, saylov komissiyalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlarida ushbu masalada bildirilgan eng ko‘p taklif saylovlar muddatini aynan oktyabr oyiga o‘tkazish haqida bo‘ldi. Bu taklif OAV, xususan, ijtimoiy tarmoqlar va ijtimoiy so‘rovlar orqali fuqarolarimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Ikkinchidan, qonun loyihasi parlament palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi jarayonida 20 ga yaqin xorijiy davlatlarning qonunchiligi va bu boradagi tajribasi o‘rganildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, asosan iqlimi issiq bo‘lgan janubiy yarimshar davlatlari, masalan, Gana, Misr, Nigeriya, JAR, Jazoir, Venesuela, Dominikan, San-Marinoda saylovlar dekabr oyida o‘tkazilar ekan, AQSh, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Rossiya, Belarus, Iordaniya, Moldova kabi davlatlarda esa saylovlar sentyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi.
Uchinchidan, Parlament va mahalliy kengashlar deputatlari saylovidan keyin mamlakatimizda Oliy Majlis Senatiga saylovlar o‘tkaziladi. Ijro hokimiyati, ya’ni Vazirlar Mahkamasi yangidan shakllantiriladi, hududlarda hokimlar nomzodi xalq deputatlari Kengashlarining sessiyalarida muhokama qilinib, yangidan tasdiqlanadi. Mamlakat Prezidentining Oliy Majlisga hamda O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi taqdim etiladi. Xalqimiz yangi yil bayramlari og‘ushida bo‘ladi. Demak, saylovlardan keyin oliy va mahalliy davlat hokimiyati organlarini o‘z vaqtida shakllantirish, to‘laqonli shaklda ishlarni rejalashtirish va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilishi uchun tegishli zamin yaratiladi. Shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi, saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.
To‘rtinchidan, saylov jarayoni mashaqqatli mehnat va tashkiliy ishlarni amalga oshirishni talab etadi.
Saylovlarning mo‘’tadil bo‘lgan kuz oylarida o‘tkazilishi esa barcha fuqarolar, saylov tashkilotchilari va ishtirokchilari hamda mahalliy, xorijiy kuzatuvchilar uchun qulaylik tug‘diradi. Shu bois saylovlarni o‘tkazish muddatining oktyabr oyiga ko‘chirilishi xalqimiz tomonidan ijobiy baholanib, qo‘llab-quvvatlanayotganligini kuzatish mumkin.
Saylov kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishga muvofiq, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. O‘tgan saylovlarda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi har bir okrug saylov komissiyasi ko‘pi bilan 3 ta (ayrim hollarda bitta) saylov uchastkasi doirasida faoliyat yuritib, bir necha yillardan buyon samarasiz ishlab kelgan. Oqibatda, tegishli tuman (shahar) va okrug saylov komissiyalari bir-birining vazifalarini takrorlashiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, bu saylov tuzilmasi uchun Davlat byudjetidan qo‘shimcha xarajatlar qilingan. Ushbu institutning tugatilishi natijasida 54 mingdan ziyod a’zodan iborat 5 ming 750 ga yaqin okrug saylov komissiyasini tashkil etishga hojat qolmaydi.
Ularni joylashtirish uchun ajratilgan shuncha binoga ehtiyoj tug‘ilmaydi, inson resurslari tejaladi, saylov kampaniyasini tashkil etishga jalb etilgan insonlar orasida ovoragarchilikka chek qo‘yiladi hamda 33 milliard so‘mdan ortiq davlat byudjeti mablag‘lari tejaladi.
Yana bir muhim o‘zgarish – bu xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini, diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida turish-turmasligidan qat’i nazar, o‘sha joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, shuningdek, saylov uchastkasidan tashqarida, chet davlatlarda gavjum holda yashayotgan yoki ishlayotgan fuqarolarimiz turgan joylarida ovoz berishlarini ko‘chma saylov qutilari orqali sayyor o‘tkazishning huquqiy asosi yaratilmoqda. Mazkur amaliyot Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan 2019 yilda o‘tkazilgan Parlament saylovlarida ilk bor tajribadan o‘tkazildi. Xususan, Rossiya, Janubiy Koreya va Qozog‘istonda bo‘lib turgan 90 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari saylov uchastkasi joylashgan binodan tashqarida, ya’ni saylovchi-fuqarolarimiz gavjum yashaydigan yoki ishlaydigan joylarda ko‘chma qutilari bilan sayyor tarzda tashkil etilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida ishtirok etishdi. Bu tajriba xalqaro hamja-miyatning e’tirofiga sabab bo‘lganligi munosabati bilan, ushbu tartib Saylov kodeksiga kiritildi.
Okrug va uchastka saylov komissiyalarining o‘zlariga xos bo‘lmagan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashish, saylovchilarni uchrashuv tashkil etiladigan joy va vaqt haqida ogohlantirishga oid vazifasi bekor qilindi. Chunki Saylov kodeksiga muvofiq, nomzod ko‘rsatish vakolatiga faqat siyosiy partiyalar ega. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, tashviqot tadbirlarini o‘tkazish orqali o‘z dasturlarini tanishtirish hamda nomzodlar uchun ko‘proq saylovchilarning ovozlariga erishishdan siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari manfaatdor. Bu jarayonga saylov komissiyalarining aloqasi yo‘q. Lekin shunday bo‘lsa-da, amalda saylov komissiyalari zimmasiga o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifa yuklatilib kelingan. Endilikda saylov qonunchiligidagi ushbu kamchilik ham bartaraf etildi.
Qonundagi yangiliklardan yana biri, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi va moliyaviy ta’minlanishi yuzasidan shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan siyosiy partiyalarning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilandi.
Saylov kodeksi yangi 27-prim modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoxud O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovga o‘n besh kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkinligi belgilandi. Ilgari bunday amaliyot bo‘lmagan. Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida konsullik hisobida turgan bo‘lsagina, saylov uchastkasiga shaxsan kelib, u joyda tuzilgan saylov uchastkalari saylovchilari ro‘yxatiga kiritilgan. 2019 yilda Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan bu amaliyot ham tajriba tariqasida sinovdan o‘tdi.
Saylov qonunchiligini demokratlashtirishga qaratilgan ushbu yangiliklar milliy saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yanada muvofiqlashtirish barobarida O‘zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.
Xudoyor Mamatov,
Markaziy saylov komissiyasi kotibi, yuridik fanlar doktori, professor.