Yaponiya parlamenti vakili Ueno Michiko xonim boshchiligidagi delegatsiya SamATIga keldi

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga kelgan ushbu tarkibida parlament vakillari bilan birga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari bo‘lib, ular institut professor-o‘qituvchilari tomonidan iliq kutib olindi.

Dastlab, mehmonlar institut faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, Yaponiya oliy ta’lim muassasalari va tashkilotlari bilan olib borilayotgan hamkorlik loyihalari, amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar bo‘yicha taqdimot qilindi.

Hozirda institut Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalar universiteti hamda “Yaponiya - O‘zbekiston” Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Samarqandda quritilgan xurmodan foydalangan holda qishloq aholisi daromadlarini oshirish” nomli xalqaro loyihani amalga oshirmoqda.

Delegatsiya vakillari ushbu loyihaning dastlabki natijalari bilan tanishar ekan, O‘zbekistonda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va aholining daromadlarini oshirish bo‘yicha katta imkoniyatlar mavjudligini e’tirof etdi.

- Biz hozirda ko‘proq qishloq xo‘jaligiga e’tibor qaratyapmiz, - dedi Ueno Michiko xonim. – Quritilgan xurmo Yaponiya oilalarida ham tayyorlanadi. Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda olib borilayotgan ushbu loyihaning bajarilishida qo‘ldan kelgancha yordamimizni ayamaymiz. Kelajakda ushbu loyiha katta bir sanoatga aylanishini istayman.

Uchrashuvda yapon vakillari yana boshqa mevalarni ham quritish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Tashrif yakunida istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi hamda Yaponiya parlamenti vakillari institut faoliyatini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi. Mehmonlarga institut tomonidan esdalik sovg‘alari berildi.

Shundan so‘ng, delegatsiya a’zolari uchun ajratilgan maydonchada parlament vakillari - Ueno Michiko xonim, Sugio Hideya janoblari hamda Tokio qishloq xo‘jaligi va texnologiyalari universiteti dekani, professor Funada Ryo tomonidan Plum Pissarda (Prunus pitssardi) daraxt ko‘chatlari ekildi.