Yarim yilda iste’molchilar foydasiga 9,7 milliard so‘m qayta hisob-kitob qilindi

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi viloyat hududiy birlashmasi barcha tuman, shaharlarda, korxona, tashkilotlarda, muassasalarda ish olib bormoqda. Joriy yilning birinchi yarmida hududiy birlashma va tuman, shahar jamiyatlarining federatsiya a’zolaridan tushgan a’zolik badallari qariyb 960 million so‘mni tashkil qildi.

Joriy yilning birinchi yarmida fuqarolardan 684 ta murojaat kelib tushdi va murojaatlar soni har chorakda oshib bormoqda. Murojaatlarning 666 tasi o‘rganilib, ijobiy hal etilishi natijasida iste’molchilar foydasiga jami 9 million 737 ming so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.

Murojaatlar tahlil qilinganda savdo sohasida eng ko‘p kamchilik kuzatilgan va bu jami shikoyatlarning 37 foizini tashkil etdi. Shuningdek, murojaatlarning 13 foizi tabiiy gaz, 9 foizi elektr ta’minoti, 8 foizi xizmat ko‘rsatish sohasi, 2 foizi transport sohasida bo‘ldi.

2025 yilda jamoatchilik nazorati tartibida o‘tkaziladigan o‘rganishlar rejasiga asosan hududiy birlashma ijro apparati xodimlari va tuman (shahar) jamiyati rais va xodimlaridan iborat ishchi guruh tuzilib, jamoatchilik asosida 7 ta monitoring tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda aniqlangan kamchilik va muammolarni bartaraf etish yuzasidan viloyat hokimligi va nazorat organlariga takliflar hamda ma’lumotlar kiritildi.

Bahodir BAYMATOV,
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
jamiyatlari viloyat hududiy birlashmasi raisi.