Yashil iqtisodiyot nima?

Yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida o‘tkazilgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” (P4G) ikkinchi xalqaro sammitidagi nutq so‘zladi. Unda davlatimiz rahbari: “Bugungi kunda ona tabiatning o‘zi bizga yo‘llayotgan ogohlik qo‘ng‘irog‘iga beparvo bo‘lmasligimiz kerak. Afsuski, iqlim o‘zgarishlari tobora kuchayib bormoqda. Biz yashayotgan Markaziy Osiyoda so‘nggi 30 yilda o‘rtacha yillik harorat taxminan bir darajaga ko‘tarildi. Mintaqamizdagi asosiy daryolarning havzasi va biologik xilma-xillikning qisqarib borayotgani jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Bug‘lanish darajasini oshiradigan gazlar va atmosferaning keng miqyosda ifloslanishi muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Bugungi kunda “yashil taraqqiyot” borasidagi maqsadlarga erishish uchun mamlakatlarning harakatlari yanada faol va samarali bo‘lishi kerakligiga hech kim shubha qilmayapti. Boshqa choramiz ham yo‘q”, deb ta’kidladi.

“Yashil taraqqiyot”ga erishish uchun “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishimiz va uni rivojlantirishimiz lozim bo‘lmoqda. Shu tufayli mamlakatimizda bunday iqtisodiyotni shakllantirish uchun yashil iqtisodiyotni  rivojlantirish lozim. Bugungi kunda “Yashil iqtisodiyot”ning o‘zi nima, degan savol tug‘iladi. Mazkur maqolada ushbu savolga javob berishga harakat qilamiz.

Yashil iqtisodiyot iqtisodiyot fanlarining bir yo‘nalish sifatida o‘tgan asrning oxirida paydo bo‘ldi. Mazkur iqtisodiyot tabiiy muhitning tarkibiy qismi bo‘lib, uning bir yo‘nalishi hisoblanadi. Yashil iqtisodiyot tushunchasi iqtisodiy fanlar va falsafaning ko‘plab boshqa sohalaridagi g‘oyalarni o‘z ichiga oladigan tabiat va jamiyat bilan bog‘liq ekologik iqtisodiyot, atrof-muhit iqtisodiyoti, resurslarga asoslangan iqtisodiyot, aholining rivojlanishi, feminizm iqtisodiyoti kabi yashil siyosat bilan bog‘liq iqtisodiyotni o‘z ichiga oladi.

Yashil iqtisodiyot bu iqtisodiy tizim bo‘lib, uning asosiy maqsadi sayyoramizning ekologiyasi va uni saqlab qolish bilan birga iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirishga qaratilgan. Shunday qilib yashil iqtisodiyot deganda, inson hayoti va sog‘lig‘i uchun zarur bo‘lgan resurslarni, atrof-muhit va ekologiyani bir butun holda saqlab qolib ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bog‘liq iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni amalga oshirishga asoslangan iqtisodiy faoliyatning yangi yo‘nalishi tushuniladi.

Bunda quyidagi tadbirlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi. Birinchidan, aholining ehtiyojlarini qondirib, ularning farovonligi, yashash darajasi va sifatini oshirish uchun moddiy ne’matlarni yaratishni barqaror ravishda ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmasdan ko‘paytirib borish lozim.

Ikkinchidan, ishlab chiqarish va iqtisodiyotni rivojlantirish uchun energiya resurslari kerak bo‘ladi, bularni qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan ko‘paytirish, jamoat transportini ham elektr quvvati bilan yuradiganlariga almashtirish, energiyani tejaydigan binolarni barpo qilish kabi yo‘nalishlarda ishlarni olib borish.

Uchinchidan, atrof muhitga zararli gazlarni chiqarmaydigan, atrof-muhitni asraydigan, ekologik toza texnologiyalarni yaratish orqali ekologik toza mahsulotlarni yetishtirish masalasiga ham alohida ahamiyat berish lozim bo‘ladi.

To‘rtinchidan, bir tomondan, tabiatdagi barcha resurslar cheklangan bir paytda inson ehtiyojlari cheksizligini inobatga olib, ularning muvofiqligini ta’minlash maqsadida ne’matlarni ishlab chiqarishni kengaytirishni tabiiy resurslarni kamaytirmasdan amalga oshirish choralarini ham ko‘rish dolzarb masalalar sirasiga kiradi.

Beshinchidan, aholining doimiy o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun qancha ishlab chiqarish, qanday ishlab chiqarish, kimga mo‘ljallab ishlab chiqarish masalasiga atrof-muhitni asragan holda katta ahamiyat beriladi.

Xullas, yashil iqtisodiyotda inson, tabiat va iqtisodiyotning bir-biri bilan uyg‘un va barqaror rivojlanishini ta’minlagan holda harakat qilish lozim bo‘ladi. Biror narsani qilaman deb, ikkinchi narsa yo‘qotilmaydi. Masalan, uy quraman, deb daraxtlar ayovsiz kesib tashlanmaydi, texnologiyalarni ko‘paytirish havo atmosferasini zaharli gazlar bilan to‘ldirish evaziga amalga oshirilmaydi va h.k. Shu yo‘l bilan barqaror taraqqiyotga erishish bugungi global masalalardan biridir.

Mamayunus Pardayev,

iqtisod fanlari doktori, professor.