Yaxshi kitobning muallifi ham rag‘batlantirilsa
Mamlakatimizda Prezident Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan kitobxonlik targ‘iboti nihoyatda avj oldi. Bundan barchamizning xabarimiz bor. Kitobni o‘qiganlar mukofot olayapti. Ammo shu kitobni yozayotganlar chetda qolmoqda.
Samarqand azal-azaldan ma’rifat tarqatuvchi zamin hisoblangan. Bu borada yangi an’analarga ham qo‘l ursak, deyman. Misol uchun, eng faol, badiiy kitobi alohida nashr etilgan va e’tirof qilingan (bunga maqola, kichik asar yoki OAVda bosilganlari kirmaydi) yozuvchiga, shoirga, tarjimonga har yili bir marta hokimlik mukofoti ta’sis qilinsa.
Tanlov hay’ati, umuman, bu xil kitoblarning saviya va salmog‘ini aniqlash mezoni ishlab chiqilsa. Bu ishga filolog olimlar, talabalar, jamoatchilik jalb etilsa.
O‘ylaymanki, bu tadbir Samarqand nufuziga yarashadi. Agar taklifim qabul qilinsa, 17 dekabrda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida tarjima va tarjimashunoslik bo‘yicha o‘tkazilishi rejalashtirilgan ijtimoiy-amaliy anjumanda uning taqdimotini o‘tkazishga tayyorman.
Muhammadjon XOLBEKOV,
filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.