Yaxshilarning yordami Kumushning yuragiga dalda bo‘ldi

Paxtachilik M.Rustamova viloyat hokimining sayyor qabullaridan birida unga yordam berishini so‘ragandi. Murojaat asosida Zarnews.uz  saytida M.Rustamovaning qizi Kumushga yordam so‘rab, saxovatpesha odamlarga murojaat qilingandi. Yaqinda ushbu oiladan maktub keldi.

«Barcha yaxshi insonlarga chin dildan rahmat aytaman! Shu yilning mart oyida qizimning operatsiyasiga yordam so‘rab murojaat qilgandim. Murojaatimdan so‘ng saxovatpesha insonlar qarab turmadi. Qizimning operatsiyasi uchun plastik kartamga men tanimagan, bilmagan saxovatli insonlardan pul kelib tushdi. Shuningdek, tumandoshlarimiz ham qizimning salomatligiga befarq qarab turishgani yo‘q. Tuman hokimi M.Hamdamov, saxovatpesha inson Sanjar Sobirovga oilamiz nomidan alohida minnatdorchilik bildiramiz.

Ayni paytda qizimda operatsiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozir uning ahvoli shukur, yaxshi. Hamma ezgu niyatli kishilarning orzulari ijobat bo‘lsin. Dunyoda yaxshi insonlarning borligini, ko‘pligini o‘z hayotimizda his qildik. Shunday insonlar ko‘paysin, ularning o‘zlari, oila a’zolariga uzoq-umr, saodatli umr tilayman!».