«Yaxshilik qolar mangu...»

Loyiq Sherali (1941-2000) tojik adabiyotining yirik namoyandalaridan biri hisoblanadi. U taniqli shoirimiz Abdulla Oripov bilan yaqin munosabatda bo‘lgan.
Adabiyotshunoslarning e’tirof etishicha, ular she’riyatining ruhiy o‘xshashligi ham bor. Xususan, Rudakiy nomidagi davlat mukofoti va Xalqaro «Nilufar» mukofoti sovrindori bo‘lgan tojik adibining «Yaxshilik qo‘shig‘i» she’ri qardosh xalq vakillari uchun qalb shioriga aylangan.
Qo‘shni Panjakent mavzesida tug‘ilib, voyaga yetgan Loyiq Sherali ijodining fenomenlari xususida Samarqand o‘lkashunoslik muzeyida o‘tkazilgan adabiy kechada e’tiborli xulosalar aytildi.
SamDU professori Juma Hamro, samarqandlik ijodkorlardan Farmon Toshev, Bahodir Rahmonov, Toshpo‘lat Tugalov, Salim Kenja va boshqalarning fikrlari shoirning yoshlar tomonidan aytilgan she’rlari yordamida to‘planganlarda iliq taassurot qoldirdi.
«Ovozi Samarqand» gazeta tahririyati va viloyat tojik, tojikzabonlar milliy-madaniy markazi uyushtirgan anjumanda 80 yilligi nishonlanayotgan shoir she’rlari asosida dilbar qo‘shiqlar ham yangradi.
Bahora Muhammadiyeva.