Yaylovlar qo‘y-qo‘ziga to‘ladi

Nurobod – viloyatimizning janubiy qismida joylashgan eng yirik chorvachilik tumanlaridan biri. Keng dala va qirlardan iborat tabiiy qulay sharoit tufayli mahalliy aholi chorvachilikni azaldan asosiy kasb qilib kelishgan.

Qorako‘lchilik nufuzi tiklanadi

– Bu borada Prezidentimizning soha rivoji uchun ikkita muhim qarori qabul qilindi, – deydi tumandagi "Nurli el chorvadori" mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi To‘lqin Rahimov. – Jumladan, Prezidentimizning 2017 yil 16 martdagi "Chorvachilikda iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan qorako‘lchilik tarmog‘ining yuksalishiga, xususan, sohada iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mulkka bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur qarorga ko‘ra naslchilik yo‘nalishidagi qorako‘lchilik shirkat xo‘jaliklari mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga, qorako‘lchilik tovar xo‘jaliklari esa fermer xo‘jaliklariga aylantirildi.

Chorvachilikda dolzarb va hanuz yechimini kutayotgan masalalar ham bosqichma-bosqich moliyalashtirilib, cho‘l hududlarida chorvani sug‘orish uchun shaxtali hududlar va artezianlarni mukammal ta’mirlash hamda yangi quduqlar orqali suv chiqarilishi chorvadorning mushkulini yengillatishga xizmat qiladi.

Bugun g‘alvirni suvdan ko‘taradigan vaqt keldi. Hozirda jamiyatimizda 21 ming boshdan ortiq mayda shoxli qoramol boqilayotgan bo‘lsa, shuning 14 ming boshini sovliqlar tashkil etadi. Mazkur to‘l mavsumida 13,5 ming bosh qo‘zi olish va uning 10 ming boshini o‘stirishga qoldirish, qishloqda qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari ochishni rejalashtirganmiz. Qo‘zilatish mavsumini namunali o‘tkazish maqsadida barcha chorvadorlarimiz va mutaxassislarimizga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Jamiyatimizdagi mavjud qo‘y-echkilardan ikki qirqimda o‘rtacha 33 tonna jun va 3,5 mingta teri olinadi. Mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor tufayli o‘zimizda tayyorlangan jun va teri xomashyosini xorijga tayyor mahsulot sifatida chiqarish choralarini ko‘ryapmiz. Mutaxassislar bilan istiqbolli loyihalar ustida ishlayapmiz.