Yil dasturida nimalar belgilanmoqda?
Jumladan, Sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudning nufuzini oshirish, sud tizimini demokratlashtirish va takomillashtirish sohasida:
Dastur loyihasining 45-bandida fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar, xalq bilan bevosita uchrashuv va muloqot jarayonida ko‘tarilayotgan masalalarni umumlashtirish, parlament so‘rovi orqali haqqoniy vaziyatni tahlil qilish, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi bilan birga muammolarni hal etish choralari ko‘rish maqsadida Oliy Majlis huzurida Sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlashga ko‘maklashish komissiyasini tashkil etish taklif etilmoqda.
49-bandda sud tizimi xodimlarini tayyorlash, malakasini oshirishga xizmat qiladigan ixtisoslashtirilgan alohida o‘quv muassasasi – O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini tashkil etish belgilanmoqda.
Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlash borasida:
52-bandda "Xabeas korpus" institutini yanada kengaytirish doirasida surishtiruv va dastlabki tergov ustidan sud nazoratini kuchaytirish maqsadida tintuv o‘tkazishga va jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxslarning telefondagi muloqotlarini eshitib turishga sanksiya berish huquqini sudlarga o‘tkazish taklif qilinmoqda.
Dastur loyihasining 58-bandida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadida pasport tizimi qoidalarini soddalashtirishga oid normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Joriy yilning 20 mart kuniga qadar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda mavsumiy ishlarga jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimini soddalashtirish, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish bitimini tuzish talabini bekor qilish; fuqarolarning o‘z turarjoylarida pasportsiz, propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yganlik uchun javobgarlikni yengillashtirish; pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlarni bartaraf qilish nazarda tutiladi.
Ma’muriy, jinoyat, fuqarolik va iqtisodiy protsessual qonunchilikni takomillashtirish sohasida:
Dastur loyihasining 61-bandida joriy yilning 30 iyuniga qadar jinoyat qonunchiligini yanada liberallashtirish, jinoyat sodir etgan shaxslarni uzoq muddat davomida jinoiy ta’qib qilish muddatlarini maqbullashtirishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasida ayrim turdagi jinoyatlar tarkibini dekriminallashtirish, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etilgan kundan boshlab o‘n yil muddat o‘tgan bo‘lsa, shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emasligi nazarda tutiladi.
62-bandda huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari maqomini belgilash, ularning vakolat va vazifalari chegarasini aniq belgilash hamda ular o‘rtasida "o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati"ni belgilash maqsadida "Huquqni muhofaza qiluvchi organlar to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
63-bandda milliy xavfsizlik xizmatining vazifa va funksiyalari, huquqiy maqomi, vakolatlari, ushbu organ ustidan parlament nazoratining mexanizmlarini belgilash maqsadida "Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirkorlik sub’yektlarining surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlarida qonuniy manfaatlarini yanada kafolatlash maqsadida dastur loyihasining 65-bandida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq jinoyat ishlarini viloyat va unga tenglashtirilgan prokuror roziligiga asosan qo‘zg‘atish tartibini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Er-xotinlar, bolalar, ota-onalar huquqlarini ta’minlash, fuqarolik holati dalolatnomalarini ro‘yxatga olish tartibi hamda nikoh-oila munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa munosabatlarni tartibga solish uchun dastur loyihasining 67-bandida "Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish borasida:
Dastur loyihasining 69-bandida ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi faoliyatining ochiq va shaffof mexanizmlarini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
Mazkur chora-tadbirlar dasturiga muvofiq ichki ishlar organlarining yo‘l-patrul va patrul-post xizmatlari xodimlarining xizmatni o‘tashi, ularni xizmat faoliyati davomida fuqarolar bilan muloqot jarayonini qayd etish imkonini beruvchi videokameralar bilan ta’minlash belgilanmoqda.
Yuridik yordam va xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish borasida:
Dastur loyihasining 76-bandida advokatura tuzilmalari faoliyatining samaradorligini oshirish, mustaqilligini ta’minlash va ularga soliq imtiyozlarini taqdim etishga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish belgilanmoqda.
77-bandda yurisprudensiya sohasida yirik va nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarini respublikaga jalb qilish; yurisprudensiya mutaxassisligi bo‘yicha qabul kvotasini oshirish; Toshkent davlat yuridik universitetining o‘quv-metodik bazasini kengaytirishni nazarda tutuvchi Prezident farmoni loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Viloyat adliya boshqarmasi yuridik xizmatlarning faoliyatini
muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash sho‘’basi mudiri Sheroz ShODIYeV tayyorladi.