Yil dasturida nimalar belgilanmoqda?
Jumladan, 81-bandda normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
Mazkur normativ-huquqiy hujjatlarda investitsiyalar hamda turistlarni mamlakatimizga jalb qilishga ko‘maklashishni elchilar faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilash; elchixonalarda savdo va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi shtatini joriy qilish; elchixona xodimlarini lavozimiga qo‘yishda ularning iqtisodiy bilimlarini sinovdan o‘tkazish kabilarni belgilash nazarda tutilmoqda.
85-bandda tadbirkorlar ehtiyojlarini inobatga olgan holda, valyuta operatsiyalarini tartibga solishni soddalashtirish hamda valyuta bozori faoliyatini yanada takomillashtirish va erkinlashtirish kabi muhim vazifalarni belgilovchi "Valyutani tartibga solish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilanmoqda.
95 va 97-bandlarda soliq va bojxona qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyalarini tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
102-bandda ziyorat turizmiga musulmon davlatlardan sayyohlarni keng jalb qilishni nazarda tutuvchi "Toshkent-Samarqand-Buxoro" yo‘nalishi bo‘yicha "Kichik Haj" konsepsiyasini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.
117-bandda zamonaviy taraqqiyotning muhim sharti va omili bo‘lgan muhim strategik tarmoq – milliy aviatsiya va aerokosmik sanoatni shakllantirish taklif etilmoqda.
Tadbirkorlik sub’yektlariga qo‘shimcha imtiyozlar berish maqsadida 128-bandda ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini reja asosida tekshirish bo‘yicha ikki yil muddatga moratoriy joriy etish belgilanmoqda.
133-bandda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha maxsus davlat organi (agentlik) tashkil etishni nazarda tutuvchi "Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqish belgilanmoqda.
***
Dastur loyihasining IJTIMOIY SOHANI RIVOJLANTIRIShNING USTUVOR YO‘NALIShLARI deb nomlanuvchi to‘rtinchi yo‘nalishida aholining munosib turmush tarzini kafolatlovchi amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator vazifalar o‘rin olgan.
Jumladan, dastur loyihasining 143-bandida ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha "iste’mol savatchasi" tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratish taklif qilinmoqda.
147-bandda "Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan bo‘lib, unda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi talablari va xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka tatbiq qilish, shuningdek, "nogiron" tushunchasi o‘rniga "nogironligi bo‘lgan shaxs" tushunchasidan foydalanish nazarda tutilmoqda.
152-bandda kasalliklarni oldindan aniqlash, ularni masofadan profilaktika qilish imkonini beruvchi "Aqlli tibbiyot" va "Yagona tibbiy ma’lumotlar markazi" konsepsiyalarini tasdiqlash belgilanmoqda.
169-bandda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining maksimal darajada shaffofligini ta’minlash maqsadida test sinovi natijalarini test o‘tkazilgan kunda e’lon qilish shartligini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilanmoqda.
170-bandda oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalarini 2017/2018 o‘quv yiliga nisbatan kamida 20 foizga oshirishni nazarda tutuvchi Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.
201-bandida "Millionlar o‘yini" sifatida e’tirof qilinadigan futbol sportini rivojlantirish, bu sohada yuqori malakali trener va sportchilarni tayyorlash, futbol klublari va homiylariga soliq va boshqa imtiyozlarni yaratish; futbol seleksionerligi (skauting) tizimini rivojlantirish, milliy terma jamoaning Qatar mamlakatida 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etishini ta’minlash uchun chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash belgilanmoqda.
Dastur loyihasining beshinchi – Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasidagi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha
205-bandda O‘zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik konsepsiyasi yangi tahririni tasdiqlash taklif qilinmoqda.
2017 yilning 19 sentyabr kuni Prezidentimiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida "BMTning yoshlar huquqi bo‘yicha" Konvensiyasi, "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" hamda Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga doir" rezolyusiya loyihalarini ishlab chiqish to‘g‘risida takliflar bildirgan edi. Davlat dasturi loyihasining 223, 224, 225-bandlarida yuqorida ta’kidlangan xalqaro hujjat loyihalarini ishlab chiqish belgilanmoqda.
Joriy yilda muhim xalqaro hujjat hisoblangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi nishonlanishi munosabati bilan Davlat dasturi loyihasining 226-bandida inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumining 2018 yil Samarqand shahrida o‘tkazilishi bilan bog‘liq tashkiliy chora-tadbirlar belgilash taklif qilinmoqda.
Mamlakatimizning turistik salohiyatini yanada kengaytirish hamda boy madaniy merosimizni targ‘ib qilish maqsadida davlat dasturining 237-bandida sayyohlik maqsadida kelayotgan xorijiy fuqarolar uchun elektron vizalarni joriy etish orqali qulayliklar yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Viloyat adliya boshqarmasi yuridik
xizmatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash sho‘’basi mudiri Sheroz ShODIYeV tayyorladi.