Yil dasturida nimalar belgilanmoqda?

Dastur loyihasi 237 banddan iborat bo‘lib, Prezidentimizning 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida keltirilgan asosiy g‘oya va takliflari hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan.
Dastur loyihasining birinchi yo‘nalishi DAVLAT VA JAMIYaT QURILIShI TIZIMINI TAKOMILLAShTIRIShNING USTUVOR YO‘NALIShLARIga oid islohotlarni o‘z ichiga oladi.
Jumladan, unda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va mamlakatni modernizatsiya qilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish sohasida qonunchilik va norma ijodkorligida yangicha yondashuvni nazarda tutadigan Qonunchilik ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqish belgilanmoqda. 
Dastur loyihasining 2-bandida saylov to‘g‘risidagi 6 ta qonun va bir qator qonun hujjatlarini yaxlit bir hujjat shakliga keltirish hamda saylov jarayoniga nisbatan yagona shaffof va samarali yondashuv belgilash maqsadida Saylov kodeksini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.


5-bandda saylov jarayonida "Elektron hukumat" tizimini faol tatbiq etgan holda saylovchilarning turar (yashash) manzillari yagona bazasini yaratish, bu borada kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, saylovchilarning Yagona elektron ro‘yxati ekspluatatsiya qilish bo‘yicha maxsus vakolatli organni belgilash nazarda tutilmoqda.
Konstitutsiyamizning 40-moddasiga muvofiq har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkinligi belgilangan. Fuqarolarning ushbu konstitutsiyaviy huquqini davlat tomonidan qo‘shimcha kafolatlash maqsadida Dastur loyihasining 3-bandida sog‘liqni saqlash muassasalari ustidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining nazoratini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Barcha siyosiy kuchlarga bir imkoniyat berish, siyosiy maydonda sog‘lom raqobatni kuchaytirish hamda O‘zbekiston Ekologik harakatini alohida siyosiy kuch sifatida mustahkamlash maqsadida dastur loyihasining 7-bandida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidan O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari uchun belgilangan kvotani bekor qilish belgilanmoqda.
Dastur loyihasining 10-bandida davlat xizmati tizimini tashkil etish, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, moddiy va ijtimoiy ta’minoti, davlat xizmatiga ishga o‘tish, xizmatni o‘tash va xizmatdan bo‘shash tartibini o‘zida belgilovchi "Davlat xizmati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilanmoqda.


26-bandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini takomillashtirib, unda aholiga onlayn maslahat berishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha imkoniyatni joriy etish taklif etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bilan fuqarolarimizga 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish uchun ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinib, horijga chiqish uchun alohida biometrik pasport joriy etish belgilangan edi.
Bu borada aholiga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida 2018 yil 1 iyuldan boshlab milliy biometrik pasportni xorijga chiqish pasporti sifatida e’tirof etish hamda O‘zbekiston hududida yashash, harakatlanish uchun fuqarolik pasporti o‘rniga shaxsni tasdiqlovchi ID – identifikatsiya kartasini joriy qilish taklif qilinmoqda.


Fuqarolarimizning mamlakat hududida erkin harakatlanish va mehnat qilish huquqlari ularning konstitutsiyaviy huquqlari sirasiga kiradi. Shu maqsadda dastur loyihasining 28-bandida 2018 yil 1 aprelga qadar fuqarolarimizning yuqoridagi huquqlarini kafolatlovchi bir qator normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi belgilanmoqda.
Ushbu normativ-huquqiy hujjat loyihalarida vaqtincha yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish; mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligini bekor qilish; vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilishi kutilmoqda.


Dastur loyihasining jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish sohasida bir qator muhim islohotlar belgilangan.
Jumladan, loyihaning 32-bandida Oliy Majlis palatalari, Adliya vazirligi va boshqa mutasaddi davlat organlari tomonidan Oliy Majlis palatalari va xalq deputatlari Kengashlari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni xabardor qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasida fuqarolar, o‘quvchi va talabalarning Oliy Majlis palatalari va xalq deputatlari Kengashlari majlislarida moneliksiz ishtirok etish imkoniyatlari belgilanadi.
Dastur loyihasining 34-bandida jamoatchilik nazorati faoliyatini huquqiy tartibga solishga qaratilgan "Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilinmoqda.

Sheroz ShODIYeV,
viloyat adliya boshqarmasi yuridik xizmatlarning
faoliyatini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash sho‘’basi mudiri.