Yil oxiriga qadar barcha shahar, tumanlarda atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qiladigan avtomatlashgan kichik stansiya o‘rnatiladi
2023-yil 1-dekabrga qadar yurtimizdagi tuman va shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini amalga oshirish uchun 347 ta avtomatlashgan kichik stansiya o‘rnatiladi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu kichik stansiyalar Ekologiya vazirligi tomonidan tasdiqlangan texnik talablar va hududlarga joylashtirish xaritalari asosida Gidrometeorologiya xizmati agentligi tomonidan o‘rnatiladi.
Shuningdek, kichik stansiyalarini joylashtirishda tuman va shaharlarning geografik joylashuvi, iqlimiy ko‘rsatkichlari hamda sanoatlashuvi inobatga olinadi.
2024-yil 1-yanvardan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida o‘rnatiladigan avtomatlashgan kichik stansiyalar ma’lumotlari yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilish orqali vizuallashtirilib, rasmiy veb-saytlarda real vaqt rejimida muntazam yangilab boriladi.