Yog‘och importi hajmi kamaytiriladi

Yog‘ochsozlik sanoati xomashyo bazasini mustahkamlash va sohani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori (84-son, 19.02.2021 yil) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida ma’lum qilindi.

📉 Qarorga ko‘ra, respublikada yog‘ochsozlik sohasining xomashyo bazasi mustahkamlanadi, mebel sanoatining barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali yog‘och importi hajmi kamaytiriladi.

🔘 Qarorga muvofiq, 2021–2022 yillarda respublika hududlarida:

● qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqib ketgan jami 3 173 gektar zaxiradagi yerlarda;

● o‘rmon fondining jami 1 327 gektar tog‘oldi va adir yerlarida yong‘oq, chinor, shumtol, qayrag‘och hamda boshqa mebelbop daraxt turlari ekiladi.

🌳 Mazkur plantatsiyalarni tashkil etish uchun jami 2 783,6 ming dona ko‘chat yetishtirish nazarda tutilgan.

🧾 2021 yil 10 martdan boshlab mebel sanoatida yog‘och xomashyosi sifatida foydalaniladigan pavlovniya, yong‘oq, chinor, shumtol, qayrag‘och hamda boshqa daraxtlar plantatsiyalarini tashkil etuvchilarga zarur ko‘chat ekish materiallari shartnoma asosida yetkazib beriladi.