Yo‘l qurilishi va ta’mirlashda qanday o‘zgarishlar bor?
Viloyat avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi boshlig‘i Ahad O‘roqov viloyatimizda yo‘l qurilishi, ko‘priklar, “Tashabbusli byudjet” va boshqa dasturlar asosida bajarilayotgan ta’mirlash ishlari borasida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, viloyat hududini qariyb 22 ming kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘llari kesib o‘tgan. Uning 4097 kilometri umumiy foydalanishdagi yo‘llar bo‘lib, 385 kilometri xalqaro, 979 kilometr davlat, 2 733 kilometri esa mahalliy ahamiyatga ega hisoblanadi. Ichki xo‘jalik yo‘llari, shahar va qishloqlarning ko‘chalari 17806 kilometrni tashkil etadi.
O‘tgan yili turli dasturlar asosida 1435,8 kilometr yo‘l, 28 ta ko‘prik ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Jumladan, Investitsiya dasturi asosida shahar ko‘chalarining 51 kilometr qismida ta’mirlash ishlari olib borilgan. Shuningdek, 298 ta qishloqda 319,5 kilometr ichki yo‘l va 6 ta ko‘prikda to‘liq ta’mirlash ishlari bajarilgan. “Ochiq byudjet” loyihasi asosida 297,8 kilometr, "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlari asosida 4 ta tumanda 13,8 kilometr yo‘lga asfalt yotqizilgan. Avtomobil yo‘llarida 3 mingdan ziyod nur qaytaruvchi yangi yo‘l belgilari hamda 10 dan ziyod svetofor o‘rnatilgan.
Joriy yilda turli davlat dasturlari asosida 2199 kilometr yo‘l, 24 ta ko‘prikni ta’mirlanadi, - deydi Ahad O‘roqov. – 33 kilometr piyoda va veloyo‘laklar, 61,5 kilometr sement-beton yo‘llar quriladi. Xitoydan soatiga 120 tonna asfalt ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod ishga tushadi. Yana xuddi shunday 3 ta loyiha bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
Umuman, viloyat yo‘l infratuzilmasini yaratish uchun ko‘p mehnat qilinmoqda. Chunki hududimizda mehmon va sayyohlar tashrif buyuradigan ziyoratgoh maskanlar ko‘p. Ular o‘tadigan xalqaro magistral yo‘llarida, shahar ko‘chalari yoqalarida yashil maydonchalar tashkil etilib, dunyoning turli davlatlaridan keltirib gul, daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Ko‘rgan ko‘z quvonadigan darajada yashnab turibdi. Biroq ayrim fuqarolar tomonidan mana shu yashillikni payhon qilish holatlari uchramoqda. Yo‘l yoqalaridagi non, qovun-tarvuz sotuvchilar ming azob bilan ko‘kartirib olingan gulzorlarni yo‘q qilmoqda. Bu borada nazorat o‘rnatilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Dilmurod To‘xtayev.