Yolg‘on ustiga qurilayotgan imorat yoki deputat so‘roviga munosabat shumi?
Mushkulimizni oson, og‘irimizni yengil qiladi, degan umidda ovoz bergan saylovchilarimiz bilan muloqotlarimiz mobaynida ulardan tushayotgan taklif va murojaatlarga befarq qarashga aslo haqqimiz yo‘q.
Samarqand shahri Geologlar mahallasidagi qizg‘in muloqotlarning birida mahalla faollarining ko‘targan muammosini ko‘pchilik ma’qulladi. Ya’ni, mahalla hududida olib borilayotgan noqonuniy qurilish ishlaridan mahalla ahli norozi.
Ushbu muammo yechimini izlab mahalla faollari va raisi B.Jalilov bilan qurilish olib borilayotgan joyga borib, savollarga javob topishga harakat qildik. O‘rganish davomida ma’lum bo‘ldiki, bu joyda "SHAXRUZ OBOD QURUVCHI" MChJ tomonidan Samarqand shahar hokimining 2020 yil 28 avgustdagi 535-Q-sonli qarori asosida ruxsat berilgan ikki qavatdan iborat, ya’ni birinchi qavati mahalla fuqarolar yig‘ini markazi, ikkinchi qavati maishiy xizmat ko‘rsatish binosi sifatida qad rostlashi kerak edi. Ammo bu qurilish tashkiloti tomonidan mahallaga xizmat qiluvchi ikki qavatli inshoot o‘rniga noqununiy tarzda uch qavat qilib qurilmoqda va 2 va 3 qavatlari ko‘p xonadonli uy sifatida qurilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mahalla ko‘rkiga ko‘rk, obodligiga hissa qo‘shadigan fayzli mahalla markazi bunyod bo‘lishini kutgan aholi ko‘p xonadonli turar joy qurilayotganidan norozi bo‘lib, viloyat va shahar hokimligiga, viloyat qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasiga qilgan murojaatlari natijasida quruvchiga bir necha marotaba 48-sonli yo‘riqnoma asosida ogohlantirish beriladi. Ammo bu ogohlantirish natijasi qumga tushgan tomchidek beiz ketadi. Qurilish davom etaveradi...
Shundan so‘ng shu yil 1 aprel kuni noqonuniy va aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan qurilish jarayonini to‘xtatishda amaliy yordam so‘rab, viloyat hokimi E.Turdimovga deputatlik so‘rovi yuborildi. Ushbu so‘rovga viloyat qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i L.Hamidov tomonidan hokimlikka javob xati keldi. Unda quruvchi ogohlantirilib, noqonuniy olib borilayotgan qurilish ishlari to‘xtatilganligi ma’lum qilingan. Qani edi bu xatdagi ma’lumotlar haqiqat bo‘lganida...
Afsuski, 19 aprel kuni mahalla faollari qurilish yana avjida ekanligidan xabar berishdi. Quruvchi bilan uchrashib, u deputatlik so‘roviga yuborilgan javob - ogohlantirish xati bilan tanishtirildi. Ne ajabki, quruvchi bu ogohlantirishdan bexabar bo‘lib chiqdi.
Kimga ishonish kerak? Ogohlantirish xatlarini bayroq qilgan mas’ullargami yoki ko‘plab noroziliklarga qaramasdan “Betimning qattig‘i - jonimning huzuri” deya bemalol qurilishni davom ettirayotgan quruvchigami?
Bu masala bo‘yicha mas’ullardan aniq javob kutamiz, aslo ogohlantirish xati emas…
Badriddin Nasriyev,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.