Past Darg‘om tumanida yengil konstruksiyali do‘kon va oshxona o‘rniga qurilgan 2 qavatli bino buzildi
Barcha yumushlar qonunbuzar hisobidan amalga oshirilgan. Bu haqda MIB Past Darg‘om tuman bo‘limi davlat ijrochisi Najmiddin YuSUPOV xabar qilmoqda.
Majburiy ijro byurosi Past darg‘om tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha tuman sudining 2023 yil 7 fevraldagi ijro varaqasi kelib tushgan. Unga asosan da’vogar Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi da’vo ariza bilan murojaat qilgan.
Arizada Past Darg‘om tumani hokimining 2020 yil 25 sentyabrdagi qaroriga asosan tumandagi “Kamolot” mahalla fuqarolar yig‘ini Kimyogarlar qo‘rg‘oni hududidan o‘tuvchi M-37-A Samarqand shahar aylanma yo‘lining yoqasida joylashgan tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan 100 kv.metr yer maydonida tadbirkor K.A. va boshqalarga vaqtinchalik 10 yil muddatga yengil yig‘ma konstruksiyadan oshxona va 2020 yil 9 dekabrdagi qaroriga asosan ushbu hududdan 100 kv.metr yer maydonida yengil yig‘ma konstruksiyadan yasalgan savdo do‘koni qurishga ruxsat berilgan.
Viloyat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan ayni joyda qonunga zid ravishda 2 qavatli, yerto‘lali murakkab qurilish ishlari amalga oshirilayotgani, shuningdek, chegaradosh 0.06 gektar qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan tuman hokimligi zaxirasidagi yer egallab olinganligi aniqlangan.
Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi fuqaro K.A. va boshqalar tomonidan qurilgan 2 qavatli 200 kvadrat/metr o‘lchamdagi qurilish binosini buzdirish hamda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 0,06 gektar yer maydonini tuman hokimligi zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarishni so‘ragan.
Sud tomonidan da’vo arizasi qanoatlantirilgan. Xususan, qarorda qayd qilingan bino qarzdor tomonidan buzilishi va yer maydoni tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishi belgilangan.
“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasiga asosan ijro ishi qo‘zg‘atilgan va 15 kunlik ixtiyoriy muddat belgilangan.
Qarzdor tomonidan belgilangan ixtiyoriy muddat ichida sud qarori ijrosi ta’minlanmaganigi sababli barcha mol-mulklariga taqiq qo‘yilgan.
Davlat ijrochisi tomonidan olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida qarzdor K.A. va boshqalarga nisbatan yuklatilgan vazifani bajarmaganligi sababli va uzrsiz sabablarga ko‘ra sud qarorini bajarishdan bo‘yin tovlaganligi uchun tegishli tartibda mamuriy jarima qo‘llanilgan.
Natijada barcha to‘lovlar amalga oshirilgan va sud hujjati ijrosi amalda tamomlanib, noqonuniny qurilma buzilib, hudud tartibga keltirilgan.