Yong‘in natijasida bir oilaning 4 a’zosi kuyish jarohatini oldi

2020 yilning 8 yanvar kuni soat taxminan 04:00 larda Shahrisabz tumani Xitoy mahallasida yashovchi 47 yoshli fuqaro N.B.ning yashash uyida yong‘in sodir bo‘lgan. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Yong‘in natijasida N.B. va uning turmush o‘rtog‘i 38 yoshli G.E., 10 yoshli D.N., 8 yoshli A.N.lar kuyishdan tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Hozirda hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda, yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, yong‘in uydagi gilam tagiga tashlangan elektr toki yordamida ishlovchi pol isitgichining qizib ketishi natijasida sodir bo‘lgan.