Yosh onalarning beparvoligi tufayli bolalarda yassioyoqlik kech aniqlanmoqda
– Oyoq kafti tayanch va harakat vazifalarini bajaradi. Bugungi kunda oyoq kaftlarining kasalliklari tayanch harakat a’zolarining 25-30 foizini tashkil etadi. Ushbu kasallik kuzatilgan bemorlarga ortopedik oyoq kiyimlar hamda ortopedik moslamalar qo‘llanilishi talab etiladi. Bu holat jismoniy zaiflik tufayli ruhiy buzilishlarga ham sabab bo‘ladi. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, yassioyoqlik bolalarda 8-10 foiz, kattalarda 15-16,5 foiz uchraydi. Eng ko‘p ko‘ndalang yassioyoqliq (birinchi barmoqning tashqariga qiyshayishi) kuzatiladi. Shuningdek, oyoq kaftining bo‘ylama (gumbaz pasayishi) va aralash yassioyoqlik (oyoq kaftining valgusli qiyshayishi) ham mavjud. Kasallikning klinik manzarasi kaft gumbazining yassilanish darajasiga va oyoq kaftining ikkilamchi deformatsiyasiga bog‘liq. Kasallikning boshlang‘ich davrida oyoqlarda charchoq seziladi va oyoq kaft osti sohasida og‘riq paydo bo‘ladi. Og‘ir holatlarda boldir, son, hatto bel sohalarida og‘riq alomatlari kuzatiladi. Bu oyoqlarni osteoxondroz kasalligi hamda ishalgiya bilan bog‘liq. Og‘riq asosan kechga borib, ishdan keyingi paytlarda kuchayib, mushaklar tarangligining pasayishi bilan xarakterlanadi.
Yosh onalarimizning beparvoligi, bolalarga e’tiborsizligi tufayli bugungi kunda kasallik belgilari kech aniqlanmoqda. Tibbiy ko‘rik vaqtida ham bolalar yilda hech bo‘lmaganda ikki bor ortoped-travmatolog xizmatidan foydalanishi lozim. Yassioyoqlikni davolashdan ko‘ra, oldini olgan oson.
Abdusalim ABDUG‘ANIYeV,
viloyat ortopediya va shikastlanish
oqibatlari shifoxonasi bosh vrachining o‘rinbosari.