Yoshlar festivali yangi iste’dod egalarini kashf etmoqda

Yoshlar festivali doirasida Samarqand shahridagi 3-bolalar musiqa va san’at maktabida madaniy tadbir tashkil etildi. Unda Nurobod tumani Tim qishlog‘idan kelgan Islombek Sayim baxshi o‘g‘li “Yangi O‘zbekistonim” nomli termadan parcha kuyladi.
- Bobom Mamay baxshi narpaylik Islom shoirning shogirdi bo‘lgan, - dedi Islombek Mamayev. – Bobom do‘mbirasini otamga topshirgan. Otamdan men olmoqchiman. Kelgusida turli festival va tanlovlarda qatnashib, o‘zbek baxshichilik san’atining dovrug‘ini dunyoga tarataman. Bobomning orzusi bo‘lgan, ammo hali unchalik tanilmagan Tim dostonchilik maktabi faoliyatini rivojlantirish asosiy maqsadimdir.
***
Samarqand shahridagi yoshlar markazi binosida “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusidagi tadbirkor va yoshlar uchrashuvda Samarqand tumanida yashovchi tadbirkor Abdujabbor Umarov ishtirok etdi. U tadbirkorlik faoliyatini boshlash arafasida turgan yoshlarga o‘z tajribalarini o‘rgatdi.
***
Oqdaryo tumanidagi 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Kim yurtiga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!” shiori ostida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘quvchi-yoshlarga Vatan himoyachisining vazifalari, buyuk sarkarda Jaloliddin Manguberdi jasorati haqida so‘zlab berildi. Harbiylarning jangovor chiqishlari, qurol-aslahalar ko‘rgazmasi o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.