Yoshlar internetdan to‘g‘ri foydalanyaptimi?

Bugungi kunda hayotimizni internetsiz tasavvur qilish qiyin. Bir kun undan foydalanmasak, o‘zimizni zamondan ortda qolgandek his qilamiz. Ammo internetdan foydalanishni bilamizmi? O‘ylashimcha, yo‘q.
Bir o‘rtog‘imning ota-onasi Turkiyada. Bola-chaqam, uy-ro‘zg‘orim deb topganini oilasiga jo‘natadi. Yaqinda ustalar eski uyni ta’mirlash ishlarini boshladi. O‘rtog‘im kutilmaganda Rossiyaga jo‘nab ketdi. Albatta, pul topish uchun. Ammo ota-onasi Turkiyada ishlayotgani uchun uning bu harakati meni hayratlantirdi. Voqelikning asl mohiyati hafta o‘tmay aniq bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘rtog‘im ota-onasi uy-joy qurish xarajatlariga, deb yuborgan 1000 dollar pulni internetdagi totalizatorda yutqazib qo‘ygan.
To‘g‘risi, bunday o‘yinlar ortidan boyib ketgan biron kishi haqida ma’lumot yo‘q. Aksincha bu o‘yinlar domiga ilinganlarning ko‘pchiligi “botqoqqa botgan”.
Oxirgi paytda ijtimoiy tarmoqlarda shunga o‘xshagan o‘yinlarni reklama qilish ko‘payib ketgan. Albatta, bu o‘yinlarning zarari va uning ayanchli oqibatlarini bilmagan yoshlar mehnat qilmay oson pul topishga qiziqib, “qimor” domiga ilinmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi 15 yil ichida bironta ham terroristik hujum amalga oshirilmagan. Biroq internet sababli mamlakatga radikal g‘oyalar kirib kelyapti. Uning targ‘ibotchisi esa asosan yoshlar bo‘lib qolmoqda. Masalan, yaqinda 17 yoshli o‘smir yigit telefoni orqali diniy mazmundagi materiallarni ommaga tarqatib kelganligi aniqlandi. U turli saytlardagi terrorchilik tashkilotlarning media guruhlari tomonidan diniy aqidaparastlik va ekstremistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan videoroliklar va ma’ruzalarni tinglab, ijtimoiy tarmoqlarga joylagan hamda terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilib, ularni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shuningdek, yoniga hamtovoqlar yig‘ib, ularni terrorchilik tashkilotlariga qo‘shilishga undagan.
Albatta, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rildi. Ammo holat shunday tus olishiga yon-atrofdagilar, barchamiz birdek mas’ul emasmizmi?
Internetda foydali axborotlar bilan birga turgan-bitgani zarar ma’lumotlar ham ko‘p. Biroq ularni ajratishda kim yoshlarga ustozlik qiladi? Virtual olamda nima yaxshi-yu nima yomonligini ularga kim tushuntiradi?
Darvoqe, yaqinda Pokistonda Tik Tok sababli jinoyatchilik va giyohvandlik moddalari iste’moli oshib borayotganligi sababli bu ilova bloklandi. Mamlakatimizda ham Twitter, “VKontakte” va Tik Tok ilovalarining bloklanganligi haqida xabar tarqaldi. Lekin faqat cheklov bilan kutilgan natijaga erishib bo‘larmikan?
Internetda o‘qigandim, Janubiy Koreyada axborot texnologiyalari barcha fuqarolarga bepul tarzda o‘qitilgan ekan. Shu bois bugun ular bu sohada ko‘pgina davlatlar bilan raqobatlasha olarkan. Asosiysi, ular kundalik hayotda deyarli barcha ishlarini elektron tarzda amalga oshirishga odatlanishibdi.
Aytmoqchi bo‘lganim, internetdan foydalanishni avval yoshi kattalar o‘rganib olgani ma’qul. Balki shunda ular farzandi va yaqinlariga virtual olamda to‘g‘ri harakat qilish ko‘nikmasi shakllanishida yordam berarmidi?
Fazliddin Ro‘ziboyev.