Yoshlar ittifoqi: boshlanishi yomon emas
– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yoshlarga qanday imtiyozlar belgilangan?
– Ta’lim muassasasini tamomlaganiga uch yil bo‘lmagan, birinchi marta ishga qabul qilingan yoshlarga daromad solig‘i birinchi yil uchun 50 foiz, ikkinchi va uchinchi yillar uchun esa 25 foizga kamaytiriladi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tizimida 3 yil va undan ko‘p muddat davomida faol ishlab kelayotgan xodimlarga uy-joy sotib olish uchun ipoteka kreditining boshlang‘ich to‘lovi O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadi.
Ittifoqning faol a’zosi bo‘lgan oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichlari talabalariga o‘rtacha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo‘lgan taqdirda ta’lim bo‘yicha to‘lov kontrakti miqdorining 35 foizi ham O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.
Ittifoq tizimida ko‘p yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan fidoyi, yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan yoshlar, shuningdek, boshlang‘ich tashkilotlarda yetakchi, sardor sifatida faoliyat ko‘rsatgan faol yoshlar oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli qabul qilinadi.
– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan tadbirkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday ishlar olib borilmoqda?
– Yoshlarning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, ishbilarmonlik qobiliyatini rivojlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 195 nafar yoshlarga biznes faoliyatini boshlashga ko‘mak berildi. Yoshlarning tadbirkorlik sohasidagi bilimlarini yanada oshirish maqsadida 308 nafar yoshlar o‘qitildi.
Imtiyoz sifatida foydalanilmayotgan davlat ob’yektlarini, shuningdek, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalaridagi ob’yektlarni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a’zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlarga to‘lovsiz ijaraga berish tartibi joriy etilgan.
– Voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda yoshlar ittifoqi viloyat kengashining roli qanday bo‘lmoqda?
– Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish borasida haftaning har payshanba kuni o‘tkazilayotgan profilaktik tadbirlar natijasida voyaga yetmaganlar tomonidan og‘ir tan jarohati yetkazish, talonchilik, bezorilik jinoyatlari sodir etilishi kamayishiga erishildi.
Tungi vaqtlarda voyaga yetmagan shaxslarni ota-onasidan biri yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxsning kuzatuvisiz ko‘ngilochar joylarda bo‘lishining oldini olish maqsadida tegishli idoralar bilan hamkorlikda 322 marotaba tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Viloyatda bugungi kunda jami 519 nafar voyaga yetmaganlar ichki ishlar idoralari profilaktik hisobiga olingan. Ularning 138 nafarini qizlar, 149 nafarini umumta’lim maktablarining o‘quvchilari, 369 nafarini o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o‘quvchilari, 1 nafarini o‘qimaydigan yosh tashkil etadi.
O‘tgan yil 37 nafar voyaga yetmaganning xulqi ijobiy tomonga o‘zgarganligi munosabati bilan profilaktik hisobdan chiqarish bo‘yicha ichki ishlar idoralariga tavsiya berildi va chiqarilgan.
Viloyatda bolalarni ta’minlash, tarbiyalash va ularga ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlayotganligi yoki lozim darajada bajarmagan 335 nafar ota-onalar ma’muriy javobgarlikka tortildi. Shu bilan birgalikda, 375 nafar voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatildi.
Chet davlatlarga chiqib ketgan voyaga yetmaganlarning 139 nafari mamlakatimizga qaytarildi.
– O‘uquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida joylarda "Xavfsiz hudud posbonlari" tuzilmasi tashkil etilib, asosan, yoshlar jalb qilinmoqda.
– To‘g‘ri. Yaqinda Samarqand shahri mahallalarida ilk bor tashkil etilgan shunday yangi tuzilmaga 3 ming 105 nafar yoshlar jalb qilindi. Ularning 1500 ga yaqini harbiy xizmatni o‘tab qaytgan talabalardan iborat. Ular har bir mahallaga 15 nafardan taqsimlanib, mahalla raisi, profilaktika inspektori, posbonga biriktirildi. Xavfsiz hudud posbonlari belgilangan reja asosida o‘zlarining xizmat kunlarida mahalla hududini kuzatib borishadi. Shubhali holatlarda profilaktika inspektori, mahalla posboni va boshqa mutasaddilarga xabar beradi.
– Ushbu tuzilmada faoliyat olib borayotgan yoshlarga qanday imtiyozlar mavjud?
– Jinoyatchilikning oldini olishda fidoyilik ko‘rsatgan faol yoshlar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ta’sis etilgan "Mard o‘g‘lon" davlat mukofoti va "Kelajak bunyodkori" medaliga tavsiya etiladi. Shuningdek, ularga kelgusida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash uchun tavsiyanomalar beriladi.
– Uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida viloyat bandlik bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda 2 ming 770 nafar yosh ish bilan ta’minlandi. Ularning 7 nafari Prezidentimizning 2017 yil 6 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan afv etish to‘g‘risida"gi Farmoniga muvofiq afv etilgan yoshlardir.
Yoshlarning vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet elga yuborishni tashkil etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlik bo‘yicha vaqtinchalik nizom imzolandi. Buning natijasida yoshlarda chet davlatlarda qonuniy ishlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
2017 yilda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashiga 1351 nafar yoshlar ishga joylashishda yordam so‘rab murojaat qilgan. Ulardan 790 nafari ishga joylashtirildi. 249 nafariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish tavsiya etildi va ularning 153 nafari o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshladi.
– Viloyatimizdagi iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
– Iste’dodli yoshlar asosan, turli tanlov va madaniy dasturlarga jalb etilib, munosib rag‘batlantirilmoqda. Bu ularga o‘z iste’dodlarini namoyon etish imkonini bermoqda.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi qoshida "Respublika yosh ijodkorlar kengashi" tashkil qilingan. Mazkur kengash tomonidan 6-8 oktyabr kunlari o‘tkazilgan I respublika "Yosh ijodkorlar forumi"da viloyatimizdan 7 nafar yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlab "Konstitutsiya bilimdoni" ko‘rik-tanlovi tashkil etildi. Folib jamoa a’zolaridan iborat 45 nafar yoshlarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi binosiga sayohati uyushtirildi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini shakllantirish maqsadida tashkil etilgan "Yosh kitobxon" ko‘rik-tanloviga 17 ming 648 nafar iste’dodli yoshlar jalb etildi.
Folib ABDUSALOMOV suhbatlashdi.