Yigit-qizlar yoshlar markazida nima bilan mashg‘ul?
Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun Samarqand shahridagi yoshlar markazida tashkil etilgan press-turda shu savolga javob topildi.
Press-turda ishtirokchilar markaz qoshida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishdi.
- Bugungi kunda markazda “Ibrat tillari” loyihasi doirasida faoliyat yuritayotgan ingliz va rus tili to‘garaklarida yoshlar chet tillarni o‘rganib kelmoqda, - deydi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Husan To‘xtayev. - “Kompyuter savodxonligi va robototexnika” to‘garaklari faoliyatini yanada samarali tashkil qilish va yoshlarni IT sohasiga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, “Inklyuziv ta’lim markazi”, “Iste’dodli yosh jurnalistlar” va “Volontyorlar” maktablari ham samarali faoliyat olib boryapti.
“Yosh fermerlar markazi”da esa biznesga qiziquvchi yoshlarga o‘yin tarzida darslar o‘tiladi. Ahamiyatlisi, markaz murabbiylari barcha shahar va tumanlarda ko‘chma treninglar ham tashkil etyapti.
“Zakovat klubi” esa o‘tgan 2023 yilda 150 ming yoshni qamrab olgan bo‘lib, bu klub joriy yilda faoliyatini yanada kengaytirishni maqsad qilgan. Uning maqsadi shu paytgacha faqat yoshlarning intellektual bilimini sinash va salohiyatini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, endilikda jamiyatda uchraydigan muammolarga yechim topish maqsadiga qaratilgan savol-javoblarni ham tashkil etish rejalashtirilgan.