Yoshlar sud jarayonini kuzatdi

Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish hamda ularda o‘z huquqlarini himoya qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda sudlarning roli muhim ahamiyatga ega. Bu mavzuda davra suhbati, uchrashuvlar o‘tkazish albatta o‘z samarasini beradi.

Yoshlar, ayniqsa, tarbiyasi og‘ir, profilaktik hisobda turgan yoshlar  bilan ko‘proq muloqot qilish, ularni tinglash, ko‘ngliga yo‘l topish, qonunchilikka oshno qilish, noqonuniy xatti-harakatlarning huquqiy oqibatlarini tushuntirish, buning uchun ularni sud protsesslarida ishtirok etishini ta’minlash katta ahamiyatga ega.  Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida tarbiyasi og‘ir, profilaktik hisobda turgan yoshlar bilan uchrashuv tashkil qilindi.  Uchrashuvda ular bilan samimiy suhbat qilinib, huquqbuzarlik va jinoyatchilik haqida batafsil tushuncha berildi.

Shuningdek, ular jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudi sud zaliga taklif etilib, jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan ayblangan I. Mardiyev, G‘.Karimov va S.Nazarovga oid jinoyat ishi ko‘rilishida ishtirok etishdi.

Sud majlisida qatnashgan yoshlar jinoiy qilmishning qanday huquqiy oqibatlarga olib kelishiga guvoh bo‘lishdi. Bu ularda katta taassurot qoldirdi.

Bu tadbir shunchaki rasmiyatchilik yoki hisobot uchun emas, haqiqiy samara uchun tashkil qilindi. Ishtirok etgan yoshlar o‘z xulosalarini hayajon bilan aytib berishdi.