“Yoshlik” istirohat bog‘idagi muammolar hal etildimi?

Shu yil iyun oyida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev mas’ul tashkilotlar rahbarlari ishtirokida Samarqand shahridagi “Yoshlik” istirohat bog‘ining faoliyati bilan tanishgan edi. 

Tashrif davomida bog‘ hududida o‘rganish ishlari olib borilib, bir qator muammolar qayd etilgan va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgandi.

Xususan, o‘yin attraksionlarining belgilanmagan joylarda o‘zboshimchalik bilan o‘rnatilgani, noqonuniy qurilmalarning mavjudligi, hududning ayrim qismlarida maishiy chiqindilarning to‘planib qolgani va sanitar holatning qoniqarsizligi kabi kamchiliklar tanqid qilingan.

Mazkur topshiriqlar ijrosini o‘rganish maqsadida “Yoshlik” istirohat bog‘ida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdik. Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufidagi ushbu bog‘ 5 gektar 44 sotix maydonni egallagan va bugungi kunda 100 nafarga yaqin tadbirkor faoliyat olib bormoqda. Bog‘da 78 tadan ziyod turli xil o‘yin attraksionlari faoliyat yuritmoqda.

– Viloyat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlardan so‘ng bog‘ hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi, – deydi “Yoshlik” istirohat bog‘i rahbari Alisher Sirojiddinov. – Jumladan, 2600 kvadrat metr maydonga asfalt yotqizilib, 100 ta zamonaviy o‘rindiq va shuncha yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Shuningdek, hududni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida maxsus suv tarmog‘i tortildi va maishiy chiqindi yig‘ish shoxobchasi tashkil etildi. Shu bilan birga, tegishli tashkilotlar hamkorligida tadbirkorlar tomonidan belgilanmagan joylarda o‘rnatilgan o‘yin qurilmalari olib tashlanmoqda. Hozirda har bir attraksionning texnik tavsifi, quvvati va qaysi yosh toifasi uchun mo‘ljallangani haqidagi maxsus yo‘riqnomalar joylashtirilmoqda.

Aytish joizki, bog‘ hududida hozir ham tadbirkorlar tomonidan belgilanmagan joylarda o‘zboshimchalik bilan qo‘shimcha o‘yin qurimalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, tashkil etilgan maishiy chiqindi yig‘ish shoxobchasiga konteyner qo‘yilmagan, hududda obodonlashtirish ishlari va xavfsizlik tizimidagi muammolar ham to‘liq bartaraf etilmagan.

Sulaymon MARDIYeV,

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.