Yuk avtomashinasida yong‘in kelib chiqqan haydovchi xavfdan qutqarildi
Joriy yilning 4 avgust kuni soat 06:00 da Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani “Xalqobod” MFY hududidan o‘tuvchi A-376 “Jizzax-Qo‘qon” avtomobil yo‘lining 293 km.da Jizzax yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan, Samarqand viloyati Toyloq tumanida yashovchi fuqaro R.X.ga tegishli GAZ-53 rusumli yuk avtomobilida yong‘in kelib chiqqan.
Bu haqdagi xabarni shu yerdan o‘tayotgan fuqaro “101” raqamiga yetkazgan.
Mazkur murojaat yuzasidan Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Jizzax shahar Yong‘in xavfsizlik bo‘limining yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan.
Qutqaruvchilar yong‘in joyiga yetib borganida, yuk avtomobilining motor va kuzov qismi alanga ichida qolganligi, agar olov avtomobilning bortiga o‘tsa, gaz ballonlarining portlash xavfi mavjudligi aniqlandi.
Qutqaruvchilarning tezkor harakatlari natijasida yong‘in qisqa muddatda bartaraf etildi. Avtomobil haydovchisi esa kuyish tan jarohati bilan Jizzax shahar tez tibbiy yordam xizmati jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
FVV xabariga ko‘ra, 5 avgust kuni shifokorlar tomonidan jabrlangan fuqaroga javob berilgan.