Yuridik texnikumning a’lochi o‘quvchilari suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi aytildi
Samarqanddagi yuridik texnikumini bu yil bitirgan 7 nafar o‘quvchi suhbat asosida Toshkent davlat yuridik universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Samarqand davlat universiteti, Namangan davlat universiteti, Termiz davlat universitetining yuristprudensiya yo‘nalishlariga 2-bosqichdan qabul qilinadi.
Bu haqda viloyat Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
- Shuningdek, texnikumni “4”, “5” baholarga tugatayotgan, a’lo baholari 50 foizdan yuqori bo‘lgan o‘quvchilar ham suhbat asosida 2-kursdan o‘qishga qabul qilinadi, - dedi viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, texnikum direktori Otabek Toshniyozov. – Faqat bundan Toshkent davlat yuridik universiteti mustasno. Bugungi kunda yuridik texnikumda davlat huquqiy faoliyat, yuridik xizmat hamda sud-huquqiy faoliyat mutaxassisliklari bo‘yicha 2 yillik dastur asosida ta’limning xalqaro standart tasniflagichining 5-darajasiga mos keluvchi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bilan integratsiyalashgan professional ta’lim mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan.
2021-2022 o‘quv yilida texnikumda 326 nafar o‘quvchi uchta mutaxassislik bo‘yicha tahsil oldi.
Texnikum 900 o‘ringa ega bo‘lib, 200 o‘rinli o‘quvchilar yashash uyiga ega. Shuningdek, texnikumda amaliy darslar uchun “Sud zali”, axborot resurs markazi, sport zal hamda 150 o‘rinli faollar zali ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Samarqand viloyati yuridik texnikumi Adliya vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalaridan biri hisoblanib, o‘quv-uslubiy jarayonlarni Toshkent davlat yuridik universiteti bilan muvofiqlashtirib boradi.
Texnikum “yurisprudensiya” yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta-maxsus professional ta’lim asosida o‘qitishni amalga oshiradi.
Shuningdek, matbuot anjumanida bu yilgi qabul kvotalari va o‘qishga kirish tartibi haqida ham ma’lumot berildi. Yangi o‘quv yili uchun 240 ta qabul parametrlari tasdiqlangan bo‘lib, ulardan 50 tasi davlat granti, 190 tasi esa to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Yuridik texnikumlarga kirish sinovlari 25-30 avgyst kunlari o‘tkaziladi. Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun test sinovlari olinsa, xorijiy fuqarolar uchun og‘zaki suhbat, ko‘zi ojizlar uchun tanlov asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Kirish sinovlarida eng yuqori ball to‘plagan abituriyentlarning davlat grantlari bo‘yicha birinchi navbatda qabul qilinish huquqi ta’minlanadi.
Kirish sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar farzandlari, “Mehribonlik uyi” va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari, I guruh nogironligi bo‘lgan, shu jumladan, ko‘zi ojiz abituriyentlar qo‘shimcha qabul parametrlari asosida qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Bundan tashqari, yuridik texnikumlarning takliflariga binoan, ularning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, test sinovlari natijalariga ko‘ra qabul qilinmagan abituriyentlar Adliya vazirligining qarori bilan qo‘shimcha ravishda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi mumkin.
Bitiruvchilar xo‘jalik tashkilotlarida huquqshunos, mehnat muhofazasi bo‘yicha inspektor, pensiya tayinlash va to‘lash bo‘yicha inspektor, ijtimoiy ko‘mak va ijtimoiy xizmat xodimi, FHDYo organlarida inspektor, advokat yordamchisi, notarius yordamchisi (referent), huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha inspektor, voyaga yetmaganlar bilan ishlash inspektori, sud ijrochisi, sud majlisi kotibi, devonxona xodimi kabi vazifalarda ishlashi mumkin.