Yuristlar malakasini oshirish markazida hamma o‘quv kurslari offlayn shaklda amalga oshiriladimi?

Markazda adliya organlari hamda advokatura xodimlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar, boshqa tashkilotlarning yuridik xizmati xodimlari (yuriskonsultlari) qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.

Faoliyatining 2000-2010 yillarida markazda bir yilda o‘rtacha 500-800, 2016-2018 yillarda 2200-2500 atrofida, 2018 yilda 3000 nafardan ko‘proq yuridik xizmat xodimlari o‘qitildi. Markazda 2019 yilning sentyabr oyidan 2020 yilning aprel oyiga qadar 2645 nafar tinglovchi malaka oshirish kurslarida ishtirok etdi. Shundan Namangan, Farg‘ona, Andijon va Samarqand viloyatlarida tashkil etilgan sayyor o‘quv kurslarida 460 nafar tinglovchi o‘qitildi.

Yurtimizda koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan vaziyat Yuristlar malakasini oshirish markazi faoliyatini ham zamonaviy talablar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etishni taqozo etmoqda. Markaz tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida respublikamizning qator tashkilot va korxonalari murojaatlari asosida masofaviy malaka oshirish kurslari tashkil etildi. Axborot-texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmaga ega o‘qituvchilar guruhi shaklllantirilib, masofaviy ta’lim o‘quv rejasi va dasturlari ishlab chiqildi.

Ta’lim jarayonida tinglovchilarga qulaylik yaratish maqsadida masofaviy ta’lim platformasi sifatida “TrueConf” maxsus dasturiy ta’minot yordamidan hamda ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanib kelinmoqda.

O‘quv kursini zamon talablari darajasiga yetkazish uchun yaratilgan yangi ta’lim portaliga kontentlar: o‘quv-uslubiy materiallar, ma’ruzalar, videoma’ruzalar, slayd-taqdimotlar joylashtirildi.

Joriy yilning yanvar oyida 83 nafar davlat notarial idoralari notariuslari bilan masofaviy ta’lim usullari orqali o‘tkazilgan malaka oshirish kurslari samarali yakunlandi. Yakuniy suhbat komissiyasi tomonidan masofadan turib, real vaqt rejimida sinov imtihoni qabul qilindi. Imtihonni muvafaqiyatli topshirgan tinglovchilarga o‘rnatilgan tartibda sertifikatlar rasmiylashtirildi.

Joriy yilning iyun oyida tashkilotlardan kelgan murojaatlarni inobatga olgan holda, ikkita yo‘nalishda to‘rtta masofaviy ta’lim kurslari tashkil etildi va bu kurslarda jami 108 nafar tinglovchi malaka oshirmoqda.

Masofaviy malaka oshirish kurslarining tashkil etilishi tinglovchilar uchun ish joyidan ajralmagan holda, masofaviy o‘qitish orqali amalga oshirilishida ancha qulayliklarga ega bo‘lib, bu - vaqt va mablag‘ tejalishiga hamda ta’lim oluvchilarga teng imkoniyat yaratmoqda. Shu bois, ayni vaqtda markaz tomonidan taqsimot rejaga asosan, adliya organlari va muassasalari xodimlari malakasini oshirish uchun masofadan o‘qitish platformasi uchun o‘quv kontentlarini yaratish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Albatta, masofaviy ta’lim platformasida ishlay olmaydigan yoshi katta tinglovchilarga karantin tugaganidan so‘ng auditoriya shaklida to‘g‘ridan-to‘g‘ri malakasi oshirish kurslari yo‘lga qo‘yiladi.

Altingul YuSUPBAYeVA,

Yuristlar malakasini oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i.