Yurt yuki yerda qolmaydi

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil qilingan "Saxovat va ko‘mak" umumxalq harakatida Samarqand viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ham faol ishtirok etmoqda. Ular "Saxovat va ko‘mak" jamg‘armasi viloyat bo‘linmasiga 150 ta xonadonga ko‘mak sifatida berish uchun 300 litr o‘simlik yog‘i tuhfa etdi.

Shuningdek, tizimda faoliyat olib borayotgan mehr-e’tiborga muhtoj, kam ta’minlangan oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar hamda boshqarma tizimida uzoq yillar mobaynida samarali mehnat qilgan va bugungi kunda nafaqada bo‘lgan 22 nafar faxriylar holidan xabar olindi, ularga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

Ta’kidlash lozimki, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatiga asos solinishi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohot zamirida, eng avvalo, inson omili, yurtdoshlarimiz manfaati yotganining yana bir bor amaliy isboti bo‘ldi. Boshqacha aytganda, sinovli kunlarda mushkul ahvolda qolgan oila yoki fuqarolarni o‘z muammolari qurshovida yolg‘iz tashlab qo‘ymaslikka, yurtimizning har bir fuqarosi qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, doimo davlatimiz va jamiyatimizning e’tiborini his qilib turishini ta’minlashga undovchi, mamlakatimiz bunga qodirligini ko‘rsatuvchi, yaxshi kunlarda ham, og‘ir kunlarda ham butun xalqimiz bir bo‘lib, murakkab ahvolda qolgan vatandoshimizning yonida turishga chaqiruvchi xayrli tashabbus bo‘ldi.

Barchamizning o‘rnimiz xalqimizga qanchalik yelkadosh bo‘la olishimiz aynan mana shunday kunlarda bilinadi. Bunday davrda Prezidentimizga kamarbasta bo‘lib, ushbu pandemiya tufayli boshimizga tushgan sinovlarni birgalikda yengib o‘tamiz.

Parviz MAMEDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.