Yurtimizda ilk madhiya qachon, kim tomonidan yozilgan?

Madhiya - maqtov qo‘shig‘i, qasida. Biror shaxs, narsa, voqeani maqtab yozilgan, o‘qilgan she’r yoki nutq. Madh, maqtov.
Qadimda madhiya diniy mazmunga ega bo‘lib, ularda asosan qadimgi yunon ma’budlari sharaflangan. Keyinchalik hukmdorlar, aziz-avliyolar sharafiga bitilgan madhiyalar paydo bo‘lgan.
Qadimgi sharqda madhiya so‘zi bilan birga qasida ham ishlatilgan. O‘zbek mumtoz adabiyotida qasidaning ilk namunalari «Devonu lug‘otit turk» asarida uchraydi. Keyinchalik Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Amiriy va Navoiylar ijodida qasida yuqori bosqichga ko‘tarilgan.
Xususan, Sakkokiyning Mirzo Ulug‘bekka atalgan qasidalari, Alisher Navoiyning Husayn Boyqaroga atab bitilgan “Hiloliya” qasidasi shular jumlasidan.
Har bir davlat madhiyasi o‘sha yurtning davlat tilida yoki eng ko‘p qo‘llaniladigan tillarning birida ijro etiladi. Masalan, Shveysariyada davlat madhiyasining har to‘rttala (fransuz, italyan, nemis va flamand) tildagi varianti yaratilgan.
Singapurda to‘rtta davlat tili bo‘lgani holda, madhiya faqat malay tilida ijro etiladi...
O‘zbek davlatchiligi tarixida milliy madhiyalar ham alohida o‘rin tutib kelgan. Qadimgi turk hoqonligi, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, xorazmshohlar, temuriylar davrida qo‘shinlarning alohida saf qo‘shiqlari, harbiy marshlari bo‘lgan. Jang paytida maxsus musiqachilar tabl, karnay, burg‘u, nog‘ora va boshqa maxsus asboblarda jangovar musiqalarni ijro etishgan. Bu askarlarga o‘ziga xos jo‘shqinlik baxsh etgan.
Zamonaviy ko‘rinishdagi davlat madhiyasi ilk bor yurtimizda Turkiston Muxtoriyati davrida yaratilgan. Garchi, Turkistonda turli xalqlar va millatlar yashasa-da, madhiya matni aynan o‘zbek tilida, buyuk shoirimiz Abdulhamid Cho‘lpon tomonidan bitilgan va 1917 yil 29 noyabrda qabul qilingan. Unda quyidagi misralar bor edi:
Ko‘z oching, boqing har yon,
Qardoshlar, qanday zamon!
Shodlikka to‘ldi jahon,
Fido, bu kunlarga jon!
Afsuski, bu davlat dunyo sahnasida 72 kun yashadi, xolos. U mahv etilgach, tabiiyki, madhiya ham yo‘qoldi.
Sovet ittifoqi davrida O‘zbekiston gimni 1947 yilda qabul qilingan. Uning matnini Turob To‘la va Temur Fattoh yozgan. Mutal Burxonov musiqa bastalagan edi. 1956 yilda gimn matniga juz’iy o‘zgartirishlar kiritilgan.
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi esa 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan. Uning muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli bastakor Mutal Burxonov yaratgan.
Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Shuningdek, mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV tayyorladi.