Zamonaviy kutubxona toyloqlik kitobxonlarga munosib sovg‘a bo‘ldi
Toyloq tumani aholisiga yangi qiyofadagi axborot-kutubxona markazi ajoyib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Yurtimiz mustaqilligining 30 yilligi bayrami oldidan topshirilgan mazkur markazning ochilish tadbirida tuman hokimi B.Bobonazarov, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i M.Ibodullayevlar ushbu maskan tuman ahliga munosib bayram sovg‘asi bo‘lganini, kelgusida barcha ijodiy uchrashuv tadbirlari, kitob taqdimotlari shu yerda o‘tkazilishini ta’kidladi.
- Mavjud binoning ko‘rinishi ham, saqlov xonalari va o‘quv zallari ham zamon talabiga javob bermay qolgan edi, - deydi tuman axborot-kutubxona markazi rahbari Tolmas Xudoynazarov. - Endilikda bino to‘liq rekonstruksiyadan chiqarilib, xonalar kengaytirildi va zamonaviy mebel jihozlari bilan ta’minlandi. Kitobxonlar uchun barcha sharoit yaratilgan.
13 nafar malakali xodimlar mehnat qilayotgan markazning ta’mirlash ishlariga mahalliy byudjet hisobidan 1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi. 15 ming kitob fondiga ega kutubxonaga tez orada qo‘shimcha qariyb 55 million so‘mlik turli kitoblar keltirishni rejalashtirilgan.
Husan Eltoyev.