Zarafshon bog‘ida homiylar tomonidan minglab daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi
Zarafshon milliy tabiat bog‘i bioxilma-xillik namunasi bo‘lib, mamlakatimiz yovvoyi tabiatini asrashda muhim o‘rin tutadi. Cho‘ponota balandliklaridan boshlanib, Zarafshon daryosi bo‘ylab 30 kilometrga cho‘zilgan ushbu bog‘ning 680 gektarini o‘rmonlar tashkil etadi, qolgani oddiy shag‘al va yarim qurg‘oqchil yerlardan iborat. Bog‘ni asrab-avaylash nafaqat ekologiya muhofazasi uchun, balki tabiatdagi noyob, yildan-yilga maydoni kamayib borayotgan o‘rmonlarni asrab qolish, ushbu noyob tabiatni tiklash va ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun ham katta ahamiyatga ega.
Ayni paytda bog‘da 300 ga yaqin o‘simlik turlari o‘sadi. Shuningdek, bu yerda 14 gektar hududda turon yoki bo‘z teraklar mavjud. Viloyatda mazkur daraxt turi saqlanib qolgan joy faqatgina shu hudud sanaladi.
- Korxonamiz tomonidan doimiy ravishda mazkur bog‘ni asrash, undagi hayvonot dunyosining yashab qolishi uchun homiylik yordamlari ko‘rsatib kelinadi, - deydi “BAT O‘zbekiston” korxonasi xodimi Saidmurod Barakayev. – Mamlakatimizda olib borilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Zarafshon milliy tabiat bog‘ida hudud iqlimiga mos bo‘lgan ming tup qayrag‘och, ko‘k terak, chinor, jiyda kabi daraxt ko‘chatlari ekdik. Shuningdek, korxonamizning 150 nafar xodimi bog‘ni chiqindilardan tozalash ishlarida faol ishtirok etdi. Bog‘ hududini toza saqlash, tabiatni asrash bilan bog‘liq o‘nlab axborot-targ‘ibot taxtalari tashkil qilish ham rejalashtirilgan.
Reklama