@zarafshonbot‘ga murojaat: Ahvoli og‘irlashayotgan o‘g‘limga yordam beradigan “tez tibbiy yordam” topilmayapti. “Otangga bor, onangga bor”dan charchadim
27 yoshli o‘g‘lim Xushvaqt qariyb o‘n kundan beri uyda yotibdi. Do‘xtirlar tavsiyasiga ko‘ra, 24 iyulda koronavirusga test topshirdik. O‘sha kundan beri uni qayoqqa olib borishni bilmaymiz.
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Jumaniyozov televizor orqali sohadagi barcha xizmatlar kecha-yu kunduz ishlayapti, deb gapirgan edi. Amalda esa aksini ko‘ryapman. Qayerga bormay, «otangga bor, onangga bor».
Masalan, bugun yana Sho‘rboyidagi «tez yordam»ga qo‘ng‘iroq qildim, bolamning ahvoli og‘irlashganini, test tahlili borligini aytdim. +998955090344 telefonidan Samarqand tumani «tez yordam» xizmatiga bog‘lanishim kerakligini aytishdi. +998666164303 orqali ular bilan bog‘landi. Navbatchi «Buning uchun maxsus xizmat bor, o‘shanga murojaat qiling», dedi. +998954119138 telefoniga ulandim. U yerdagi navbatchi esa «Yo‘q, siz tuman «tez yordam»iga bog‘laning, bu ularning ishi» dedi.
To‘g‘ri, uyda o‘zim uni boshqalardan ajratib, dori-darmonini berib turibman, ammo ahvoli yaxshi bo‘lmayapti.
Kecha bir jurnalist orqali Jumaniyozovga manzilimizni ham yetkazgandim. Hech qanday natija yo‘q. Soha rahbarlari qop-qop va’da bergandan ko‘ra, bemorlarga zudlik bilan yordam berish chorasini ko‘rsa bo‘lmaydimi?
Men nima qilay, ahvoli kundan-kun og‘irlashayotgan o‘g‘limning rangiga qarab qiynalib o‘tiraveraymi?
O‘ktam XUShVAQTOV,
Samarqand tumani Navobod qishlog‘i.
+998941878777