“Zarmitan” konida skipli stvol – zamonaviy muhandislik inshooti ishga tushirildi

Shu munosabat bilan Qo‘shrabotdagi geologlar shaharchasida tadbir tashkil etildi. Tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari F.Abilov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari U.Yusupov, “NKMK” AJ boshqaruvi raisi – Bosh direktori Q.Sanaqulov, shaxta qurilishida ishtirok etgan Chexiya Respublikasining “Mine Construction Alliance S.R.O” kompaniyasi vakillari, kombinat mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Chexiya Respublikasining “Mine Construction Alliance S.R.O” kompaniyasi rahbari I.Rasulov skipli stvol ramziy kalitini Janubiy kon boshqarmasi direktori T.Yuldashevga topshirdi. So‘ngra ishtirokchilar mazkur sanoat ob’yektidagi ish jarayonlari va yaratilgan shart-sharoitlar yaqindan tanishdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, keyingi yillarda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” (NKMK) aksiyadorlik jamiyatida bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan muhim investitsion loyihalar yangi konlarni o‘zlashtirish, gidrometallurgiya zavodlarini ishga tushirish, amaldagi korxonalarni modernizatsiyalash orqali ma’danni qayta ishlash quvvatlari, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilyapti.
Bu kabi amaliy ishlarni Qo‘shrabot tumanidagi Janubiy kon boshqarmasi konlari maydonida amalga oshirilgan “Zarmitan konining quyi gorizontlarini o‘zlashtirish” investitsion loyihasi misolida ham ko‘rish mumkin.
Mazkur loyiha doirasida diametri 6,5 metr bo‘lgan skipli stvol chuqurligi 1000 metrga yetkazildi va bu O‘zbekiston kon-metallurgiya sanoati tarixida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu o‘zining ilg‘or muhandislik-qurilish, innovatsiya va raqamli yechimlari bilan noyob shaxta stvoli hisoblanadi.
Loyihaning keyingi bosqichida skipli stvolni jihozlash va uskunalarni o‘rnatish ishlari to‘liq yakuniga yetkazildi. Bu jarayonda xorijiy hamkorlar bilan birga “NKMK” AJ va Janubiy kon boshqarmasi vakillari, Zarafshon qurilish boshqarmasi, “Sanoatelektromontaj” tresti quruvchilari, shuningdek, ukrainalik, qozog‘istonlik mutaxassislar amaliy ko‘magi bilan faol ishtirok etdi. Bu stvol ishga tushirilishi ma’dan tashish unumdorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish bilan birga 90 ta yangi ish o‘rni va korxona uchun qo‘shimcha qiymat yaratish imkonini berdi. Undan keladigan yillik iqtisodiy samaradorlik 19,2 mlrd. so‘m, deb baholanmoqda.
- Skipli stvol – yer osti konlaridan qazib olingan ma’danni yer yuziga ko‘tarish uchun maxsus loyihalashtirilgan vertikal yoki qiya shaxta qudug‘idir, - deydi “NKMK” AJ bosh muhandisi Atabek Ravshanov. - Uning asosiy vazifasi yukni tez, samarali va xavfsiz tashishdan iborat. “Zarmitan” konining turli yer osti gorizontlarida qazib olinayotgan tog‘ jinslari endi 240-gorizontda yig‘ilib, ma’dan markazlashgan holda skipli stvol orqali yer yuzasiga tashib chiqariladi. Uning foydalanishga topshirilishi nafaqat texnologik yuksalish, balki respublikamiz kon-metallurgiya sanoatida muhim o‘zgarishlardan biri, zamonaviy muhandislik namunasidir. Bundan keyin ham sohaga bu kabi ilg‘or, zamonaviy texnologiyalarni joriy etib borish asosiy vazifalarimizdan biri bo‘ladi.
Mazkur loyiha skipli va klet stvollaridan iborat. Masalan, skipli stvolda ikkita 20 tonnalik bunker mavjud. Ular faqat tog‘ jinslarini yer yuzasiga chiqarishga mo‘ljallangan. Masalan, bir sutkada 3835 tonna ma’dan yer ostidan yer yuzasiga olib chiqilsa, bir yilda bu ko‘rsatkich 1,4 mln. tonnani tashkil etadi. Yer yuzasiga chiqarilgan ma’dan 4-gidrometallurgiya zavodiga qayta ishlash uchun yetkaziladi. Klet stvoli esa ishchi-xizmatchilar va kerakli jihozlarni yer osti gorizontlariga olib tushish hamda olib chiqishga mo‘ljallangan.
Shuningdek, ushbu qurilmalar har jihatdan xavfsiz va tejamkor. Misol uchun, 60 tonna tog‘ jinslarini 3 ta avtoavtoag‘dargichda yer yuzasiga olib chiqish uch soat vaqt, shu bilan bir qatorda, yer osti texnikalari, yoqilg‘i-moylash materiallari va boshqa xarajatlar talab etilgan bo‘lsa, hozirda skipli stvolga o‘rnatilgan 20 tonnalik bunkerlar orqali 60 tonna tog‘ jinslarini yer yuzasiga olib chiqishga atigi 8-10 daqiqa vaqt ketadi. Yana bu qurilma elektr energiyasi hisobiga ishlagani bois, ekologik jihatdan atrof-muhitga mutlaqo salbiy ta’siri yo‘q. Natijada vaqt sarfi va yoqilg‘i materiallari 60-70 foizgacha iqtisod qilinadi.
Shaxta stvollari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida to‘liq raqamlashtirilgan. Butun faoliyati markaziy operatorlik pulti orqali boshqariladi. Ular yordamida ish jarayonlari doimiy kuzatilib, yuk tashish aniq hisob-kitoblar orqali monitoring qilib boriladi. Bundan tashqari, ogohlantiruvchi signallar orqali har qanday holatning oldini olish imkoniyati ham mavjud.
Tadbirda shaxta qurilishida faol ishtirok etgan bir guruh soha ilg‘orlari Navoiy kon-metallurgiya kombinatining turli darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, faxriy yorliqlari va sovg‘alari, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining faxriy yorliqlari hamda viloyat hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
“Zarmitan” konida zamonaviy muhandislik inshooti – skipli stvol ishga tushirilishi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari va jurnalistlar uchun press-tur tashkil etildi.