Ziyorat qalbni yumshatadi

Inson mehrga tashna. U uzoq ko‘rishmagan odamlarini sog‘inib, qo‘msab yashaydi. Bu sog‘inchning taftini bosish uchun ularni yo‘qlab turadi. Bir-birlari bilan tez-tez uchrashib, bordi-keldi qiladi.

Shu bilan birga inson dunyodan o‘tgan ota-onalarini, yaqinlarini, qarindosh-urug‘larini ham sog‘inadi. Shuning uchun shariatimizda qabrlarni ziyorat qilish mustahab va joiz amallardan hisoblanadi. Bu ziyoratning yana bir xususiyati shuki, u insonning kim ekanini, oxiratni, dunyodagi o‘rnini, Alloh huzuridagi burchini eslatib turadi. Qabr ziyoratiga da’vat qiladigan eng mashhur va a’lo darajada sahih bo‘lgan hadislar bor. Ularda qabr ziyoratining xosiyati haqida shunday deyiladi:

“Men sizlarni qabrlar ziyoratidan qaytargan edim. Endi, ularni ziyorat qilaveringlar! Chunki, u oxiratni eslatadi, sizlarga o‘limni esga soladi. Ziyorat qilaveringlar. Chunki, u qalbni yumshatadi, ko‘zni yoshlantiradi. Undan sizlarga ibrat bor. U dunyoda parhezkor qilib qo‘yadi” (Muslim, Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja, Hokim, Tabaroniy rivoyatlari).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Sizlarning qilayotgan amallaringiz sizlardan yaqinlaringiz va qarindoshlaringizga ko‘rsatiladi. Agar yaxshi amal bo‘lsa, shu bilan ular xursand bo‘ladilar, agar unday bo‘lmasa, ular: Ey Allohim, bizlarni adashtirmaganing kabi ularni ham adashtirmagin, deb duo qiladi”, deb aytilgan.

Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh rivoyat qilishlaricha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deb marhamat qilganlar: “Qabrdagi o‘lik madad istayotgan g‘arq bo‘luvchi kabidir. U otasidan, onasidan, aka-ukasidan yoki do‘stidan yetib keladigan duoga intizor bo‘ladi. Duo yetib kelsa, bu unga dunyo va undagi bor narsadan yaxshiroqdir. Shak yo‘qki, Alloh azza va jalla qabr ahliga yer ahlining duosini tog‘lar misoli qilib kiritadi. Tiriklarning o‘liklarga qilgan hadiyasi ularga istig‘for aytishdir!”.

 Tiriklarga o‘tgan ota-onasining qabrlarini, qarindosh-urug‘lari, ustozlari va yaqin do‘st-birodarlarining qabrlarini tez-tez ziyorat qilish buyurilgan. Bunga amal qilish musulmonlik xislatlaridan biridir. Umuman ziyoratga bormaslik, hatto ota-onaning qabri qayerdaligini unutib yuborish, ziyoratni yomon ko‘rish insonning to‘g‘ri yo‘lda emasligini bildiradi. Imom at-Tabaroniy rahimahulloh va Imom al-Bayhaqiy rahimahulloh tomonlaridan: “Kimki ota-onasining yoki ulardan birovining qabrini har jum’ada ziyorat qilsa, uni gunohlari kechiriladi va yaxshi inson deb yoziladi”, degan hadisi sharif rivoyat qilingan. Shunday ekan qabristonlarni ziyorat qilish, o‘tgan yaqinlarimiz yotgan joylarini toza, pokiza saqlash biz uchun farz va qarzdir.

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyat bosh imom xatibi.