Zulayho Mahkamova: «Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q»

Axborot asri makonida, turli g‘oyalar va ularni singdirishga urinishlarga keng imkoniyatlar mavjud bir paytda insoniyatni tanazzuldan asrab turuvchi odamiylik mezonlari, milliy qadriyatlarni asrash oson ish emas.
Keyingi yillarda mamlakatimizda jaholatga qarshi ma’rifat kabi balandparvoz shiorlar bilan emas, xonadon a’zolaridan birma-bir hol so‘rash, ularning yashash tarzi, sharoitini o‘rganish, kayfiyatidan boxabar bo‘lish orqali ular bilan muloqotga kirishish asosiy yo‘nalishga aylandi. Xuddi shu yo‘nalish o‘zida targ‘ibotni ham, ta’sir vositasi vazifasini ham jamlagan holda odamlarning ruhiyatini yaxshilashi ustun deb hisoblanildi. Keyingi yillarda faol, diniy, dunyoviy bilimlarga ega onaxonlardan iborat targ‘ibot guruhlari ham aynan shu maqsadda faoliyatini boshlagan edi. Ushbu guruh a’zolari katta auditoriyalarda balandparvoz yig‘ilishlar o‘tkazmadi, bil’aks, kichik davralarda ayollar, oilalarning ahvolidan boxabar bo‘ldi, zarur bo‘lganda ularga ko‘mak berdi.
Samarqandda mahallalarda xotin-qizlarning faolligini oshirish yuzasidan o‘tkazilgan o‘quv mashg‘uloti aynan shu targ‘ibot guruhi a’zolari, oila va xotin-qizlar boshqarmasining shahar, tuman bo‘limlari faollari ishtirok etdi. Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova ham ishtirok etib, o‘z fikrlarini bildirdi.
-Ma’naviy bo‘shliq bor joyda albatta turli yot g‘oyalar, qarashlar o‘rin egallashga harakat qiladi, - dedi Z.Mahkamova. – Mustaqillikning ilk yillarida, hali ko‘pchilik kommunistik mafkuradan ajralolmay turgan bir paytlarda yuzaga kelgan bo‘shliq afsuski, aholiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. Yaxshilik niyatida dunyoga ochilgan eshikdan o‘z manfaatlarini o‘ylagan, oxiri jinoyatga olib boradigan oqimu, qarashlar kirib kela boshladi. Bu o‘z navbatida uzoq yillar davomida odamlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Xatoliklar, adashishlar sodir bo‘ldi. Davlatimiz tomonidan bu holatlar o‘z vaqtida oldi olinib, bag‘rikenglik, kechirimlilik fazilatlari namoyon etildi. Ammo bu holatlar yana takrorlanmaydi, deya kafolat bera olmaymiz. Bugungi axborot asrida har daqiqa hushyorlikni boy bermasligimiz kerak. Endi xato qilishga haqqimiz yo‘q.
Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, xotin-qizlarning ilm olishi, hunar egallashi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi aslida nafaqat ularning hayotini farovonlashtirish, balki hayotga teran nigoh bilan qarash, oilaviy muammolarini ham yengishda ma’naviy qarashlari tosh bosishiga erishuvdan iboratdir. O‘tgan yili 17 mingdan ziyod oilalarga uy ajratilishida ko‘mak berilgani, ish boshlayman, degan xotin-qizlarga 4 trillion so‘mga yaqin mablag‘ ajratilgani va boshqa ko‘plab raqamlar aynan shu maqsadga qaratilgandir.
Anjumanda shuningdek, viloyatda xotin-qizlarga yaratilayotgan sharoitlar va buning natijasida oilalardagi o‘zgarishlar, mavjud muammolar, ularning yechimini topishda targ‘ibot guruhi faollarining o‘rni bo‘yicha ham mutaxassislarning fikr-mulohazalari bildirildi. Xotin-qizlar o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni mo‘’tadillashtirilga qaratilgan targ‘ibot guruhiga jamoatchilik asosida yangi rahbar, Samarqand shahridagi 17-umumta’lim maktabi direktori Dilfuza Husanova tayinlandi.
Bosh vazir o‘rinbosari Z.Mahkamova shuningdek, tadbirkor ayollarni o‘qitish markazi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi va tadbirkor xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qildi.