Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ikki ming nafar chekuvchi jarimaga tortildi. Nega?

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda jamoat joylarida tamaki mahsulotlari iste’mol qilgani uchun ichki ishlar xodimlari tomonidan ogohlantirishlar, jarima qo‘llash kabi holatlar ro‘y berayotgani tez-tez tilga olinmoqda. Xo‘sh, Samarqandda ushbu qoidabuzarliklar uchun qancha kishi jarimaga tortildi?

- Viloyat miqyosida birgina yanvar oyida belgilanmagan jamoat joylarida tamaki mahsuloti iste’mol  qilgani uchun 1875 nafar kishiga jarima qo‘llanildi, - deydi IIB HOOB bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Qurbonov. - Qoidabuzarlar jami 115 million so‘mdan ortiqroq jarima mablag‘i to‘lashgan.

Eslatib o‘tamiz, jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishga cheklovlar “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun (26.08.2011 yil) bilan mustahkamlangan.

2016 yildan boshlab, jamoat joylarda tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish uchun jarima miqdori eng kam ish haqining birdan uch qismigacha bo‘lgan mablag‘ni tashkil etadi.

Shuningdek, jamoat joylarida alkogolli mahsulotlar iste’mol qilganlik uchun ancha jiddiy jazo ko‘zda tutilgan. MJtKning 187-moddasiga muvofiq ushbu huquqbuzarlik uchun jarima summasi  eng kam ish haqining 50 foizini tashkil qiladi.

Mazkur huquqbuzarlik takroran sodir etilganda jarima summasi eng kam ish haqining birdan 2 baravariga yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoqni tashkil qiladi. Ma’muriy undiruv qo‘llangandan keyin bir yil mobaynida sodir etilsa, u takroriy huquqbuzarlik hisoblanadi.

Ko‘rsatilgan choralarga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish MJtKning 248-moddasiga muvofiq ichki ishlar organlariga yuklatiladi.