Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ortiqcha dabdaba uchun soliq to‘lanishi kerak

Ayniqsa, sarpo-suruqlarning yildan yilga ko‘payib borayotgani, to‘y qilaman, deya ota-onalar yosh farzandlarini chet elga jo‘natayotganini ham ko‘p kuzatamiz. Xo‘sh, bu holatlarni qadriyatimiz deb atash to‘g‘rimikan? Tuman ahli orasida to‘yini o‘z hududidagi restoranlarda o‘tkazishni istamay, shahardagi nomi chiqqan maskanlarda nishonlashga intilayotganlarni kim deb atash kerak?

Farzand haqidan to‘y qilish mumkinmi?

Keyingi yillarda oilalardagi muhitga salbiy ta’sir qiluvchi yana bir illat paydo bo‘lgan. Xorijga, o‘z oilasi moddiy ahvolini yaxshilash, uy-joy qilish uchun ketgan o‘g‘il u yoqda ishlab topgan mablag‘ini ota-onasiga jo‘natadi. Ota-ona esa bu mablag‘ni hech ikkilanmay, keyingi farzandlarining dabdabali to‘yiga sarflab yubormoqda. Qizi uchun mebeldan tortib kir yuvish mashinasigacha olib berayotgani, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, bekamu ko‘st, eldan kam qilmay, qiz uzatib, o‘g‘il uylantirayotgan ota-onalar farzandi haqiga xiyonat qilmayaptimikan? Aksariyat hollarda mana shunday tarzda to‘y o‘tkazgan oilalarda kelishmovchiliklar, ajralishlar sodir bo‘layotir. Ota-onalar farzandining xorijda ming qiyinchilik bilan ishlab topgan pulini ishlatishga haqimiz bor, deb hisoblasa-da, o‘sha o‘g‘ilning ko‘ngliga qo‘l solib gaplashib ko‘rsangiz, noroziligini his qilasiz. Haqiqatan ham to‘y qilaman, deya hashamga berilgan ota-ona bir farzandiga jabr qilish orqali boshqasini baxtli qila olmasligini tushunib yetishi lozim.

Ajrimga xizmat qilayotgan mebel

Yana bir og‘riqli masala – kelinning mebel bilan kelishi allaqachon an’anaga aylangan. Bir paytlar qizning o‘z qo‘llari bilan tikkan kashtalari, yostiqlari kelinchak uyining bezagi edi, hozir tumanlarda ham zamonaviy mebel qizning asosiy sepiga aylanib borayotir. Shu matoh tufayli ajrashib ketayotgan oilalar qancha. Yaqinda bir oilani yarashtirish uchun bordik. Kuyov, oila a’zolarining aytishicha, kelin bir necha marta onasinikiga arazlab ketgan ekan. Orada arzirli gap yo‘q. Oxirgi marta esa yuk mashinasi chaqirtirib, mebellarigacha olib, ota uyiga qaytgan. Kelin tomon bilan gaplashsak, «Endi bular yarashmaydi, elni oldida ko‘ch-ko‘roni bilan qaytdi-ku», - deydi. Ne niyatlar bilan sotib olingan bu matoh oilaning ajrashishi uchun xizmat qilayotgani achinarlidir. Boshqa tumanlarda ham shunday voqealarga guvoh bo‘lganmiz. Achchiq ustida yuk mashinasiga ortilgan mebel keyinchalik haqiqatan ham oilaviy ajrimlarga sabab bo‘layotir.

Soliq undirilishi lozim

Payariq tumanida 70 ga yaqin mahalla bor. To‘ylarni ixcham o‘tkazish uchun doim targ‘ibot ishlari olib boriladi. Ammo mahalla faollarining bunday targ‘ibotlariga «Sizlarga nima?» qabilida munosabat bildirayotganlar soni ko‘proq. Ehtimol, to‘yni qanday o‘tkazish har kimning shaxsiy ishi, deb hisoblarmiz. Unday bo‘lsa, mazkur masalada qonuniy asos bo‘lishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Xususan, 200 kishidan ortiq to‘y o‘tkazmoqchi bo‘lgan oilalar davlatga qo‘shimcha soliq to‘lashi kerak.

Xalqimiz azaldan katta marosimlarni el bilan kelishgan holda o‘tkazgan. Kimgadir ziyon yetkazish, ko‘nglini og‘ritishdan qo‘rqqan. Keyingi yillarda dabdabaning ko‘z-ko‘z etilayotgani shu qo‘rquv kamayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun ortiqcha dabdaba istayotganlardan tegishli tartibda soliq undirilishi hamda ushbu mablag‘ kam ta’minlangan oilalarga yordam sifatida ajratilishi maqsadga muvofiq.

Farida AXTAMOVA,

viloyat Kengashi deputati.