"Jadidchilik qadimchilikka nisbatan yangi harakat emas!"

Filologiya fanlari doktori, professor Halim Saidovning Mahmudxo‘ja Behbudiy hayoti, ijodi, faoliyati, ilmiy va dunyoviy qarashlari haqidagi "Turkiston dahosi" kitobi nashrdan chiqdi.

Toshkent shahridagi "Adabiyot" nashriyotida chop etilgan kitobda Turkiston jadidchilik harakati rahnamosi Mahmudxo‘ja Behbudiy faoliyati yangi ma’lumotlar asosida yoritilgan. Buyuk ma’rifatparvarning biografiyasi, jadidchilik harakati va jadid adabiyoti rivojida tutgan o‘rni haqida tahliliy fikrlar bildirilgan.

Muallif masalani "Jadidchilik qadimchilikka nisbatan yangi harakat emas!" tarzida qo‘yadi. Jadidchilikni o‘sha kezda dunyoda sodir bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy harakatlar fonida tadqiq qilgan Halim Saidov uning islomchilik, turkchilik harakatlari kabi mustamlakachilikka qarshi kurash g‘oyasini mujassam etgan bo‘lsa-da, milliy ozodlikka erishish yo‘li orqali ularga nisbatan yangicha ekanini isbotlagan.

Bundan tashqari, kitobda Behbudiyning dunyoviy fanlarni o‘rganish zaruratini kun tartibiga qo‘yib, bu borada amaliy natijalarga erishgani, "Padarkush" dramasi ma’rifatni toptagan har qanday jamiyat uchun ogohlik qo‘ng‘irog‘i ekani, buyuk adib publitsistikasining hurriyatga chorlashdagi ahamiyati, "Sayohatnoma"sining qimmati kabi masalalar chuqur tahlil etilgan.

Behbudiy Turkiston muxtoriyati g‘oyasining asoschisi ekani, "Samarqand" gazetasi va "Oyna" jurnalining millatni uyg‘otishdagi o‘rni teran yoritilgan.  Behbudiy va Qodiriy munosabatlari tadqiq qilingan.

Nurboy Jabborov,

filologiya fanlari doktori, professor.