Samarqanddagi 1094 mahallaning 279 tasida maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud emas

Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shuhrat Rahmonov shahar va tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari, nodavlat, davlat-xususiy sheriklik asosidagi, oilaviy tashkil etilayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ahvoli hamda joriy yilning yarim yilligi davomida tizimda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ZOOM platformasi orqali ommaviy axborot xodimlari bilan onlayn matbuot anjumani o‘tkazdi.
Unda so‘nggi uch yil vaqt davomida tizimda 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani, ta’lim-tarbiya sifati tubdan yaxshilangani, sohaga zamonaviy ta’lim metodlari keng joriy qilingani, manzilli dasturlar doirasida mavjud davlat bog‘chalarining moddiy-texnik bazasi tubdan yangilanayotgani borasida axborot berildi.
- Bugun viloyatimizdagi 3-7 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 50 foizidan ortig‘i maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan, - dedi Sh.Rahmonov. – Yangi nodavlat, davlat-xususiy sherikchilik va oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish orqali bolalarning bog‘chalarga qamrovini oshirishga harakat qilyapmiz. Pandemiya davrida ham maktabgacha yoshdagi bolalarni ta’limga jalb etish maqsadida “Onlayn” tartibda pedagoglar va ota-onalar guruhi tashkil etilib, doimiy mashg‘ulotlar olib borildi. “Bolajon” telekanali orqali berib borilayotgan, davlat dasturi asosida tayyorlangan «Ilk qadam», (3-5 yoshlilar uchun) va «Aqlvoy» (6 yoshlilar uchun) ko‘rsatuvlari bolalarning olamni o‘rganish, ijodiy va ta’lim olish, o‘qish va mantiqiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan.
2020 yil 15 iyundan boshlab Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, “yashil” va “sariq” hududlarda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilishi munosabati bilan sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilgan holda 492 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bosqichma-bosqich faoliyatini boshladi.
Shuningdek, onlayn matbuot anjumanida viloyat bo‘yicha jami 1094 ta mahallalardan 279 tasida maktabgacha ta’lim tashkilotlari mavjud emasligi, tizimda oliy ma’lumotli pedagog kadrlar yetishmasligi, 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida bosqichma-bosqich rejalashtirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari, qamrov foizi haqida ma’lumotlar berildi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.