Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat davlat soliq boshqarmasi e’tiboriga: Sanoat opa nega “yeyilmagan somsa”ga pul to‘lashi kerak?

Zarnews.uz saytida joriy yilning 30 oktyabr kuni, qolaversa, «Zarafshon» gazetasining 2 noyabr sonida «Tadbirkorlik qilmagan «tadbirkor»ning 11 yil avvalgi soliq qarzi kimning aybi bilan paydo bo‘ldi?» sarlavhali maqola e’lon qilingandi. (Maqola quyida qayta berilmoqda)

Afsuski, shu paytga qadar mazkur maqolaga Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi javob bermayapti? Nima uchun tadbirkorlik qilmagan ayol oradan 11 yil o‘tgach, soliq to‘lovlariga tortilishi kerak? Ushbu savolga mutasaddilar qachon javob berishadi? Bor-yo‘g‘i bitta tikuv mashinasi olish uchun yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘lgan. Garov uchun narsa so‘ragach, topolmagan ayol bu kreditdan voz kechadi.

Ammo tadbirkorlik guvohnomasi qoladi. Soliqchilar nega o‘sha yilning o‘zidayoq bu guvohnoma faoliyatini to‘xtatish choralarini ko‘rmagan? Nega nafaqadagi, ro‘zg‘orini butlayman, deb yurgan onaxon 11 yildan so‘ng yemagan somsasiga pul to‘lashi kerak, axir?
Quyida ushbu maqola bilan to‘liq tanishib chiqish mumkin.
Tadbirkorlik qilmagan «tadbirkor»ning 11 yil avvalgi soliq qarzi kimning aybi bilan paydo bo‘ldi?

Yaqinda tahririyatga Samarqand tumani, Bo‘zi mahallasida istiqomat qiluvchi Sanoat Hafizovadan maktub keldi. Sanoat opa soliq idoralaridan norozi bo‘lib, quyidagi fikrlarni keltirgan:

«Qo‘shimcha daromad topish uchun 2007 yilda 1 million so‘m miqdorida kredit olmoqchi bo‘lib, bankga murojaat qildim. O‘sha pulga tikuv mashinasi hamda tikish uchun mato sotib olmoqchi edim. Bank menga “davlat ro‘yxatidan o‘tib keling” dedi. O‘sha paytlar hokimiyatga borib, ming yugurishlar, sarsongarchiliklar bilan yakka tartibdagi tadbirkor, degan guvohnomani oldim va yana bankka bordim. Bankdagilar «Garovga narsangiz bo‘lishi kerak, aks holda kredit ajratolmaymiz», deyishdi. O‘zi bor-yo‘g‘i tikuv mashinasi va mato uchun pul olmoqchi bo‘lsam, garovga nimani qo‘yaman, deb tushuntirdim. Ammo hech kim meni eshitishni istamadi. Shu taxlit kredit ololmay, bu ishdan voz kechishga majbur bo‘ldim.

Ko‘p vaqt o‘tmasdan soliq idoralaridan qarzdorlik varaqalari kela boshladi. Men soliq idorasiga borib tushuntirdim, “bankdan kredit ololmadim, biror ish boshlaganim yo‘q”, dedim. Og‘zaki ham, yozma ham tushuntirib, aytib keldim. Hatto, hokim qabuliga ham kirib, voqeani bayon qilishimga to‘g‘ri keldi. «Siz boravering, sizni bezovta qilishmaydi», deb jo‘natdi. Shu gap bilan xotirjam yuraverdim. Ammo oradan 11 yil o‘tib uyimizga yana soliq idorasi, majburiy ijro byurosidan xat kela boshladi. Mening roziligimsiz 2018 yil aprel oyidan 2019 yilning aprel oyiga qadar o‘sha, soliq to‘lovlariga 50 foiz pensiya pulimni ushlab qola boshlashdi. Lekin mana, oradan bir yil o‘tib, yana qarzdorlik haqida xat kelib tushyapti?

Men tadbirkor bo‘lib ishlash tugul, hatto kredit ham ololmagan bo‘lsam. O‘sha paytdagi soliq idoralari bu holatdan xabardor bo‘la turib, nega tadbirkorlik qilinmagan 3 yil uchun soliq solishayapti? O‘zim pensionerman, 350 ming so‘mga yaqin pensiya olaman. Sog‘lig‘im yaxshi emas, ro‘zg‘orni o‘zim qilaman. Nega soliq idoralari yo‘q faoliyatni o‘sha paytdayoq yopib yuborishmadi? Shu savolga javob izlayverib, nechta idoraga xat yozdim. Ammo javob bitta - sizning soliq idoralaridan falon so‘m miqdorda qarzingiz aniqlandi. Shu savolimga aniq javob beradigan mutasaddi bormikan? Yemagan somsaga qachongacha pul to‘layman axir!?».

Ushbu maktubni Samarqand tumani soliq inspeksiyasiga jo‘natdik. U yerdan o‘sha, Sanoat Hafizovaga yo‘llangan javob maktubi bizga ham kelib tushdi:

«Samarqand tumani davlat xizmatlari markazi ma’lumotlariga asosan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida 2007 yil 21 dekabr kuni ro‘yxatga olingan va guvohnomaning amal qilish muddati 2010 yil 21 dekabr kuniga qadar bo‘lgan.

Samarqand tumani davlat soliq inspeksiyasi ma’lumotlar bazasida YaTT Hafizova Sanoat Ahadovnaga shaxsiy kartochka ochilib, qat’iy belgilangan soliq va sug‘urta badali O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 375-moddasiga asosan to‘g‘ri hisoblangan va 2009 yil mart oyidan joriy yilning may oyi holatiga jami daromad solig‘i uchun 410 881,42 so‘m to‘lov amalga oshirilgan. 2019 yilning 23 may holatiga qat’iy belgilangan soliqdan 747 250,99 so‘m va sug‘urta badalidan 763 600,17 so‘m, jami ustama summalari bilan 1 510 851,16 so‘m qarzdorlik yuzaga kelgan.

Samarqand viloyati xo‘jalik sudining 2015 yil 8 oktyabrdagi ijro varaqasi majburiy undiruvga jami ustama summalari bilan 1 4552,1 ming so‘m qaratilgan».

Sanoat Hafizova bir yil davomida pensiyamdan 50 foiz ushlab qolindi, soliq uchun deyapti. Soliq idorasi esa bu haqda biror ma’lumot keltirmagan. Umuman, bankdan kredit ololmagan, bu ishning mohiyatini tushunmagan ayolga nega o‘z vaqtida tushuncha berilmagan? O‘sha paytlar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, keyin ish boshlamaganidan hudud soliq inspektorlari xabardor bo‘lishi kerak ediku?! O‘sha paytlar bir necha marta bu bo‘yicha soliq idoralariga murojaat qilganman, deydi Sanoat Hafizova. Lekin nega hamon u masalada idorama-idora sarson yuribdi?

Gulruh MO‘MINOVA.