Mashhur nemis fokuschisi Tobi Van Deisner Samarqandga keldi
Germaniyadan mashinasida chiqqan T.Deisner 12312 kilometr yo‘l bosib Samarqandga yetib keldi. Fokuschi oilasi bilan Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilib 10 oy ichida turli mamlakatlarda bo‘lishni, turli xalqlarning yashash tarzi hamda madaniyati bilan tanishishni maqsad qilgan.
– O‘zbekistonga yetib kelganimizga o‘n kun bo‘ldi, – deydi Tobe Van Deisner. – Bu yerga kelguncha o‘n uchta davlatdan o‘tdik. Men O‘zbekiston haqidagi ko‘plab qiziqarli ma’lumotlarni kitoblarda o‘qiganman. Bu yurtni ko‘rish ko‘p yillik orzuim edi. Qiziqishlarim meni vataningizga sayohat qilishga undadi. Turmush o‘rtog‘im bilan O‘zbekistonning tarixiy obidalari, odamlarning urf-odatlarini ko‘rdik.
Bu yerga kelishdan oldin Nukus, Xorazm va Buxoroda bo‘lib, har bir viloyatning o‘zgacha tabiati borligiga amin bo‘ldik. Ularning xalqi ham, milliy taomlari ham bir-biridan farq qilarkan. Bu bizda katta taassurot qoldirdi.
Samarqand haqiqatdan ham juda go‘zal shahar ekan. Ayniqsa, bu shaharning Buyuk Ipak yo‘lida tutgan o‘rni haqida ko‘p eshitganman. Bu yerdagi tarixiy obidalarning qurilishi, arxitekturasi har qanday kishini o‘ziga maftun etadi.
Olmoniyalik sayyoh samarqandliklar uchun o‘zining illuziya tomoshalaridan namunalar ijro etib, hamshaharlarimiz olqishiga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, sayyoh Samarqandda ikki kun bo‘lib, keyin Shahrisabzga yo‘l oladi. U yerdan Tojikistonga o‘tib Pomir yo‘li orqali Qirg‘izistonga o‘tadi. Keyinchalik Qozog‘iston, Rossiya, Mongoliya, Xitoy, Laos, Kambodja davlatlari orqali 2020 yilning yanvar oyini boshlarida Malayziyada bo‘lishni, u yerdan uyiga samolyotda yetib borishni rejalashtirishmoqda.
T.Deisner 15 yil ichada 50 dan ortiq mamlakatlarga sayohat qilgan.