30 sotix tomorqasi va avtomashinasi bor oila kambag‘almi?

Viloyatda aholini kambag‘allikdan chiqarish, kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar daromadini oshirish borasidagi ishlar tahlil qilinganda shu savolga yuzaga chiqdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida viloyatimizda 337,9 ming nafar a’zolari bo‘lgan 79,5 ming oila kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan. Shu paytgacha 37,1 mingta oilaning 56,3 ming nafar a’zolari barqaror bandlik xizmatlari bilan qamrab olinib, 11,3 ming oila kambag‘allik reyestridan chiqarilgan.

Belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, oilalarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga erishilishi natijasida viloyatda kambag‘allik darajasi yil boshidagi 7,5 foizdan 6,8 foizga tushirildi.

Biroq, tahlillar joylarda “mahalla yettiligi” tomonidan oilalar puxta o‘rganilmasdan turmush sharoiti yaxshi, daromadga ega bo‘lgan xonadonlar ham kambag‘allik reyestriga kiritilganini ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, Urgut tumani O‘zbekiston mahallasida turmush o‘rtog‘i AQShda ishlovchi, ikki nafar farzandi bor ayol hashamatli uy-joyi, ikkita avtomashinasi bo‘lsa-da, kambag‘al oila reyestiriga kiritilgan.

Past Darg‘om tumani Qorovultepa mahallasidagi 3 nafar farzand tarbiyalanayotgan oilada erkak xorijda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgani va bir kishi keksalik pensiyasi olishi, xonadonda “Damas” avtomobili hamda ikki bosh qoramol mavjudligiga qaramay kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganini qanday izohlash mumkin?

Kattaqo‘rg‘on tumani Mullako‘rpa mahallasida ikkita avtomashinasi bor, er ustachilik bilan shug‘ullanadigan oila, Yangiravot mahallasida esa 24 sotix tomorqa yer maydoni, uch bosh qoramoli, avtomobil va elektrmotoskuteri mavjud oilani nima uchun kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganini “mahalla yettiligi”dan boshqa birov bilmasa kerak.

Nurobod tumani Sazag‘on mahallasida 30 sotix tomorqasi, bitta yuk avtomashinasi va 4 bosh qoramoli bo‘lgan oilaning ham nega kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganini “yettilik” izohlab bera olmadi. Boz ustiga, bu oilada er o‘z shaxsiy avtomashinasida yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi, xotin esa maktabda o‘qituvchi ekan.

Joylarda bu kabi ishga mas’uliyatsizlik bilan yondashish, holatni yuzaki baholash oqibatida kambag‘al oilalar soni yil boshiga nisbatan Paxtachi tumanida 3,8 foizga, Kattaqo‘rg‘on shahrida 3,3 foizga, Narpayda 1,1 foizga, Kattaqo‘rg‘on tumaanida 0,6 foizga  oshgan.

Savol tug‘iladi – mahallada qaysi oila yordamga muhtoj, kimning bunga ehtiyoji yo‘qligini yaxshi biladigan “yettilik” qanday qilib, o‘ziga to‘q oilalarni reyestrga kiritgan? Nima, davlatning puli hisobsizmi? O‘sha oilalar egalari-chi? Ular kambag‘al oilalarga ajratilishi kerak bo‘lgan moddiy ko‘mak yoki imtiyoz va imkoniyatlardan foydalanishdan or qilmaydimi, vijdoni qiynalmaydimi?

Yaqinda mahalla raislaridan biri qishlog‘idagi bozorchi yigit bolasi uchun nafaqa puli chiqarib berishni so‘rab kelganini aytib qoldi:

– Uka, topish-tutishing yaxshi, uy-joying ham birovdan kam emas, uyalmaysanmi bolangga nafaqa puli so‘rashga, desam “Hech qayerda rasmiy ishlamaymanku, moshinam otamning nomida, siz platformaga kiriting, tasdiqlanadi”, deydi. Jahlim chiqdi. Mayli, kiritamiz, pul ham chiqar, lekin o‘sha pulni odamlar oldida faoloncha qiynalib qolibdi, davlat bolasi uchun pul berdi, deb topshiraman, rozimisan, degandim “Unaqa bo‘lsa kerak emas, rais bobo, uzr” deb chiqib ketdi.

Afsuski, hali-hanuz “Odamlar bilib o‘tiribdimi, davlatning pulidan foydalanish kerak”, degan fikrdagi kishilar yo‘q emas. Ular olmoqchi bo‘lgan pul qaysidir nochor, chindan ham muhtoj oilaning haqi ekanligini o‘ylab ko‘rishmaydi. Bir paytlar o‘zi yoki turmush o‘rtog‘i sog‘lom bo‘la turib, nogironlik guruhi rasmiylashtirib, nafaqa oluvchilar ko‘paygandi. Tizim raqamlashtirilib, shaffof va ochiq tekshiruv mezonlari belgilangach, minglab soxta nogironliklar bekor bo‘ldi. Ayni paytda ijtimoiy himoya yagona reyestri, kambag‘al oilalar reyestriga kiritishning ham aniq tartib, mezonlari bor. Qarorlar inson omilisiz qabul qilinadi. Ammo ma’lumotlarni tizimga kiritishda oilaning real holati, norasmiy bo‘lsa-da, doimiy daromadi, turmush tarzi hisobga olinsa, hech qanday noqoniy xatti-harakatlar, qing‘irliklarga o‘rin qolmaydi.

G‘olib  Hasanov.