Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

12 may – Xalqaro hamshiralar kuni

1974 yilda Xalqaro hamshiralar kengashi tashabbusi bilan hamshira sohasi asoschilaridan biri Florens Naytingeylning tavallud kuni munosabati bilan 12 may - Xalqaro hamshiralar kuni sifatida yil taqvimiga muhrlangan.

...Malakali tibbiy xizmatdan foydalanish har bir insonning kafolatlangan huquqidir. Bosh Qomusimiz bilan mustahkamlab qo‘yilgan mazkur huquqiy normani hayotga tatbiq etish, xalqimizning tibbiy xizmatdan roziligini ta’minlash, hayotiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida birlamchi, ixtisoslashgan, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonda har bir insonning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangani zimmamizdagi burch va mas’uliyat naqadar katta ekanligini ko‘rsatadi.

Bugun zamonaviy hamshira haqida so‘z ketar ekan, tibbiyotning turli sohalarida kunni tunga ulab ishlayotgan fidoyi, bilimdon, mohir, chaqqon, epchil, zukko, o‘rta tibbiyot xodimlarining qiyofasi ko‘z o‘ngimizda jonlanadi. Yurtimizda 300 mingdan ziyod shunday o‘rta bo‘g‘in mutaxassislar el sog‘lig‘ini asrash yo‘lida shifokorlar bilan bir safda ish olib boryapti. O‘ttiz to‘rt millionlik xalqimiz orasida ularning beminnat xizmatiga ishi tushmagan odamni topish mushkul bo‘lsa kerak. Zero, hamshiralar hamisha tibbiyotning eng oldingi bo‘g‘inlarida ish olib boruvchi mutaxassislardir. Tibbiy-ilmiy markazlardan tortib qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlarigacha bo‘lgan bo‘g‘inda tibbiy maslahat yoki ko‘mak so‘rab kelgan insonga, eng avvalo, ular peshvoz chiqadi.