Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

273 nafar samarqandlik chet davlatlardan deportatsiya qilingan

Odam savdosi jinoyatidan jabrlangan 34 kishi Respublika reabilitatsiya markaziga yuborilgan. Bu haqda viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ma’lum qildi.

Qayd etilganidek, viloyatda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishda jazoning muqarrarligini ta’minlash, fuqarolarimizning odam savdosi qurboniga aylanib qolishining oldini olish va bundan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratilgan.

Jumladan, olib borilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida viloyat bo‘yicha odam savdosi bilan bog‘liq 8 ta jinoiy holatlar aniqlanib, mazkur jinoyatlarni sodir etgan 10 nafar shaxslarning jinoiy javobgarlikka tortilishi ta’minlangan.

Hisobot davrida chet davlatlardan turli xil sabablarga ko‘ra, deportatsiya kilingan 273 nafar shaxslar bilan yakka tartibda profilaktik ishlar olib borilib, ular bilan bog‘liq barcha muammolarning komissiya a’zolari bilan hamkorlikda ijobiy hal etish choralari ko‘rilgan.

Bunda ularning odam savdosi qurboni bo‘lgan-bo‘lmaganligini hamda qaysi yo‘llar bilan chet davlatlarga, kimlarning ko‘magida chiqib ketganliklarini aniqlashga va deport qilinish sabablarini mukammal o‘rganishga qaratilgan.

Shuningdek, 34 nafar odam savdosi jinoyati jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markaziga yuborilishi ta’minlangan.

Yig‘ilishda fuqarolarning odam savdosi qurboniga aylanib qolishi, turli uydirmalarga ishonib, boylik orttirish maqsadida chet davlatlarga chiqib ketishlarining oldini olish va ularni ogohlantirish hamda huquqiy ongini oshirish maqsadida 23 ming 103 ta plakat va boshqa tarqatma materiallar tarqatilgan.

“Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish” mavzusidagi plakatlar chegara hududlarida, bozorlarda va aholi gavjum joylarda o‘rnatilgan. Aeroport va temir yo‘l vokzallarida chetga chiqib ketayotgan va kirib kelayotgan fuqarolar taqatma materiallar bilan ta’minlangan.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi.

Yo.GADOYeV.