Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Atilla Markaziy Osiyoning turkiy qabilalari vakili bo‘lganmi?

Atilla – xunlar yetakchisi. U Flagellum Dei (“Xudoning qahri”) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Atillaning tug‘ilgan yili va joyi noma’lumligicha qolmoqda. Taxminlarga ko‘ra, u V asrning birinchi o‘n yilligida tug‘ilgan. Atillaning qaysi millatga mansub bo‘lgani ham ko‘p bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik tadqiqotchilar uni Markaziy Osiyoning turkiy qabilalari vakili bo‘lgan, deb hisoblashadi. Farazlarning biriga ko‘ra, uning Atilla ismi turkiycha “otli”, “atli”, ya’ni nomi chiqqan, sharafli ma’nosini beradi. Nima bo‘lganda ham Atilla buyuk sarkarda va imperator bo‘lgan. U yetakchilik qilgan xunlar, Rim imperiyasiga o‘lkan tahdid solgan.

Faqat milodiy 453 yilda Atillaning vafotidan keyin xunlar saltanati qulagan, Rim imperiyasi xunlarning dahshatli tahdididan xalos bo‘lgan.

Milodiy 451 yili xunlar Katalaunsk kengliklarida bo‘lib o‘tgan Rimga qarshi jangda mag‘lub bo‘lishdi.

Bu mag‘lubiyat Atilla va uning odamlarini ortga chekinishga majbur qildi. Biroq Atilla jangchilari yangi hujum uyushtirish uchun kuchlarini qayta tikladi. Dastlab Atilla Sharqiy Rim imperiyasiga hujum uyushtirishni rejalashtirdi. Ammo fikrini o‘zgartirib, 452 yilda G‘arbiy Rim imperiyasiga yana bir bor hujum qilish qaroriga keldi. Xunlar Alp tog‘larini oshib o‘tdi va rimliklarni g‘aflatda qoldirdi. Natijada Rim imperiyasining Akvileya, Verona va Milan kabi shimoliy shaharlari xunlar tomonidan zabt etildi. Lekin Rim omon qoldi. Chunki Atilla va uning jangchilari Po daryosidan janubga harakatlanishdi. Xunlar imperatori Atilla va Rim papasi Lv I uchrashuvidan keyin xunlar ortga qaytdi. Buyuk Xun nega Rim imperiyasiga hujumni to‘xtatish qaroriga kelgani bugungacha noaniqligicha qolmoqda.

Bu borada bir qancha taxminlar ilgari surilgan. Rivoyatlarga ko‘ra, aynan Lv I diplomatiyasi Rimni xunlardan ozod qilgan. Ayrim tadqiqotchilar Atilla ishongan odamlari tomonidan uning Rimga hujum qilmasligi ogohlantirilgan. Chunki Gotlar hukmdori Alarix I millodiy 410 yilda Rimni vayron qilganidan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay vafot etgan. Ushbu voqeada Atilla yomonlik belgisini ko‘rgan, deb hisoblashadi.

Atillaning o‘limi

Atillaning vafoti haqida bir qancha taxminlar mavjud. Milodiy 453 yilda Atilla Ilkido imsli qizga uylanadi va ertasi kuni ertalab uni o‘lik holda topishadi. Taxminlarning birida aytilishicha, Atilla to‘yi kuni bazm uyushtirgan. Sharob va ovqatni ko‘p istemol qilishi oqibatida qon tomirlari yorilib ketgan. Boshqasida, Atilla Vizantiya imperatori Marianaga xizmat qilgan Ildiko tomonidan o‘ldirilgan, degan fikr ilgari suriladi. Yoki u sharobdan zaharlanib vafot etgan bo‘lishi ham mumkin.

Xunlarning bo‘linishi va saltanatning qulashi

Atillaning vafotidan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay xunlar saltanati uning o‘g‘illari – Attil-Ellak, Dengizich va Ernax tomonidan bo‘lib olindi. So‘ng aka-ukalar o‘rtasida nazorati ostidagi hududlarini kengaytirish uchun urush boshlandi.

Kelishmovchiliklar davom etayotgan bir vaqtda xunlarga mustamlaka hisoblangan davlatlar mustaqillikka erishish imkoniyatini izlay boshlashdi. Gepidlar yetakchisi Ardarix birinchi bo‘lib xunlarga qarshi bosh ko‘tardi. Milodiy 454 yilda Nedao shahri yonida bo‘lib o‘tgan jangda xunlar mag‘lub bo‘ldi va Atillaning o‘g‘ilaridan biri Attil-Ellak halok bo‘ldi.

Boshqa qabilalar ham tez orada Ardarixdan o‘rnak oldi. Shu tariqa Xun imperiyasi 469 yilda tarix sahifasidan butunlay o‘chirildi. Tarixiy manbalarda ular haqida boshqa hech qanday ma’lumot keltirilmadi. Bugun xunlardan qolgan yagona ma’lumot – ularning qudratli yetakchisi Atilla haqidagi xotiralar qolgan, xolos.

Bekzod Musurmonov tayyorladi.