Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Baxt va yoshlik kuychisi Hamid Olimjon 110 yoshda: Vafo va sadoqat timsoli

O‘zbek she’riyatining oqsoqollaridan biri Mirtemir Hamid Olimjon haqida shunday degan edi: “Hamid Olimjon nodir iste’dod egasi. Qonida, ko‘z qorachig‘ida, to‘qson ikki tomirida tug‘ma zukkolik, shoirona sajiya, bilgichlik ayon. Bilmagani oz, o‘qimagani kam, chin ma’nosi bilan o‘qimishli qalamkash edi”.

Darhaqiqat, ertak va dostonlarda kuylanadigan afsonaviy muhabbat tasvirlari, ona diyorimiz va maftunkor tabiatimiz haqidagi she’rlari ne uchun umumxalq tomonidan sevib o‘qiladi, yod olib aytib yuriladi? Holbuki, ularning barchasida sof muhabbat tuyg‘ulari armonligicha qolib ketadi, sevishganlarga istalgan visol onlari nasib etmaydi-ku...!!!

Qizig‘i shundaki, aynan ana shunday mashaqqat va iztirobli taqdir uchun ham ular e’zozda bo‘ladi. Tohir va Zuhra, Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi mangulikka bitilgan ishq taronalarining qiymati ham armonli muhabbatda, ushalmagan orzularda ekanligi ayon.

Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim o‘rtasidagi ishq-muhabbat, oilaviy hayot turmush tarzi ham ko‘p jihatdan ana shunday pok sevgi, vafo va sadoqat namunasi bo‘lganligi ayni haqiqatdir. Aslida Hamid Olimjonning Baxt, Bahor va Yoshlik kuychisi bo‘lib elga tanilishida ham, tarixda qolishida ham, Yunus, Misqol parilardek farishtamisol onalari Komila aya va buvisi so‘zlab bergan ertaklar, dostonlar bilan bir qatorda ... “oyni uyaltirgan qosh” sohibasi – Parizodi – Zulfiya ham sabab bo‘lgandi. Shoirning

Eng gullagan yoshlik chog‘imda

Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.

Shunda ko‘zim ko‘rib bahorni,

Shunda qalbim tanidi yorni.

satrlarini esga olaylik...

Navqiron oshiq yigitning ishq chamanzoriga ilk qadam qo‘yishi ana shunday boshlanadi. Yarqiragan she’riyat “quyoshi” yonida unga parvonamisol miltiragan “yulduz” paydo bo‘ldi. Quyosh nuridan bahramand bo‘lib, zavq-shavq olib muhabbat qo‘shig‘ini kuylaydi mahbuba. Bu qo‘shiqda mushtoq oshiq qalb jo‘r bo‘ladi unga. Ta’rif etilganidek:

Ikki otash ikki alanga

Ikki qalbga tutashgani rost,

Bir sevgiki, jon berar tanga

Hamid ila Zulfiyaga xos.

Ha...!!! Tabiat bu ikki musaffo qalblarda tug‘yon urgan muhabbat rishtalarini birlashtirdi. Omon va Hulkardek dilbar farzandlar ato etdi, she’riyatga – go‘zallikka shaydo ilhaq qalbga jo‘shqin ilhom berdi.

U kunlarni shoira:

Yurak nihol olov qo‘ynida

Yonar, kular, yashnardi shaydo.

Orzu hisning sof o‘yinida

Ilk she’rlarim bo‘lardi paydo, - deb eslaydi.

Lekin afsus-nadomatlar bo‘lsinki, bunday faraxbaxsh, saodatli onlar nashidasi uzoqqa cho‘zilmadi. Uning otashin satrlarining ilhombaxsh quyoshi, homiysi ayni navqironlik paytida pok, ma’sum tuyg‘ularni, munis ahd-paymonlarni g‘aflatda, dog‘da qoldirib, uchib ketdi sarlochin.

Erib ketmagandim sevgingdan

Bo‘lmaslik-chun baxtingdan judo,

Birga qolish uchun sen bilan

Kuyamanu bo‘lmayman ado.

Nahot, shuncha ma’sum, shunday pok

Sevishmoqda alam bor shuncha,

Bardosh bermas iroda, idrok

Tamoman lol, aql tushuncha...

Ajal degan beshafqatga

Koshki otsam ishqimni,

To‘ldirsam ham ko‘kni dodga

Saqlasam men baxtimni -

deya armon qilishdan o‘zga chora topolmadi yetim qolgan baxt. Ammo shoiraning jasorati shundaki, u taqdirning bu qadar yovuz tuhfasiga nafaqat sabru bardosh ila ko‘nikdi, ayni paytda  Zulfiyaxonim Hamid Olimjon orzu-armonlarini amalga oshirdi. Har yil bahorda – o‘rik gullagan chog‘larda, qaldirg‘ochlar “vijir-vijir”larida u bilan “uchrashib” turdi:

Mana qimmatligim, yana bahor kelib

Seni izlab yurdi, kezdi sarsari,

Qishning yoqasidan tutib so‘radi seni

Ul ham yosh to‘kdi-yu, chekindi nari.

So‘ngra jilo bo‘lib kirdi yotog‘imga,

Hulkar va Omonning o‘pdi yuzidan,

Singib yosh kuydirgan za’far yonog‘imga

Sekin xabar berdi menga o‘zidan.

 

Bahorga burkangan sen sevgan elda

Ovozing yangradi, jo‘shqin zabardast

O‘lmagan ekansan, jonim, sen hayot

Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo‘limda

Hayotni kuylayman chekinar alam,

Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda

Men hayot ekanman, hayotsan sen ham.

Ha. Chindan ham Hamid Olimjondek buyuk siymoga taqdir taqozosi bilan Zulfiyaxonimdek oqila, donishmand, matonatli shoira ayolning umr yo‘ldoshi bo‘lishi ayni muddao edi. Binobarin, bu fidoyi, vafodor ayolni shoir ruhi qo‘lladi, unga xalqi mehri madadkor bo‘ldi. Ulug‘ xalqimizning ezgu, olijanob fazilatlarini, shoirning orzu niyatlarini qit’alararo munosib tarzda targ‘ib qildi:

Yo‘l yurdim, sog‘indim, to‘kildi baytim

Xorijning shomlari, saharlarida.

Ezgu istaklaring jaranglab aytdim

Osiyo, Afrika minbarlarida.

O‘z navbatida Zulfiyaxonim ham hamisha el-yurti ardog‘ida bo‘ldi. Unga O‘zbekiston Xalq shoiri yuksak unvoni berildi, yetakchi xotin-qizlar jurnali “Saodat”da bosh muharrirlik mas’uliyati topshirildi. Bir qator xalqaro orden va medallar sohibasi bo‘lish bilan bir qatorda respublikamiz miqyosida xotin-qizlar orasida eng nufuzli hisoblangan Zulfiya mukofoti ta’sis etildi.

Bularning barchasi el-yurtning dardini, Hamid Olimjondek ulkan inson va shoir dardini umrbod yelkasida ko‘tarib fidoyilik namunalarini ko‘rsatgan matonatli shoiraga munosib e’zoz edi. Zulfiyaxonim umrining so‘nggi yillarida:

Ko‘zim ustidasan bu tug‘yonli dam

Sen bilan taqdirdosh, kunduzli bo‘ldim.

Seni deb siyladi shu aziz Vatan

E’zozli bo‘ldim men, yulduzli bo‘ldim –

deya iqror va shukronalik ila ushbu misralarini bitgan edi.

Xullas, ikki dilbar shaxs, ikki buyuk ijodkor Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim yaratgan badiiy asarlaridagi tarannum etilgan g‘oyalar mazmun mohiyati bilan ham, birgalikda kechirgan turmush tarzlari bilan ham vafo va sadoqat ramzi bo‘lib qoldi. Ular o‘z xalqining yuragida, erk deganning tilagida mangu yashaydilar.

Nuriddin BOBOQANDOV.