Vodiylarni yayov kezgan shoir

Bugun shodlik va baxt kuychisi, iste’dodli shoir va olim Hamid Olimjon tavallud topgan kun. U 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida tug‘ilgan. 

Quyida Hamid Olimjon hayoti va ijodi haqida qisqacha ma’lumot o‘qiysiz.

1912 yil - shoirning otasi Olimjon aka o‘ttiz ikki yoshida vafot etdi. Hamid buvasi Azim ota va onasi Komila opalar qo‘lida tarbiya ko‘rdi.

1918 yil - Hamid Olimjon Jizzax shahridagi Narimonov nomli to‘liqsiz o‘rta maktabga o‘qishga kirdi.

1923 yil - to‘liqsiz o‘rta maktabni bitirib, Samarqanddagi o‘zbek bilim yurtiga qabul qilindi.

1925 yil - bilim yurtining «Yosh kuch» devoriy gazetasi va «Uchqun» qo‘lyozma jurnalida shoirning dastlabki she’r va maqolalari e’lon qilindi.

1926 yil - shoirning bobosi Mulla Azim vafot etdi.

1926-1927 yillar - Samarqandda chop etiladigan «Zarafshon» gazetasi umumiy shu’ba bo‘limi mudirining muovini bo‘lib ishladi.

1927 yil - Uchqun taxallusi bilan «Zaharli yurak» ocherkini yozdi.

1927 yil, oktyabr - O‘zbekiston madaniyat xodimlari qurultoyiga delegat bo‘lib qatnashdi.

1928 yil, iyun-iyul - Qozon, Gorkiy, Ulyanovsk, Leningrad va Moskva shaharlarida safarda bo‘ldi.

1928 yil, oktyabr - O‘zbekiston Oliy pedagogik instituti (1930 yildan boshlab O‘zbekiston Davlat pedagogika akademiyasi) ga o‘qishga kirdi.

1929 yil - shoirning birinchi she’rlari to‘plami «Ko‘klam» bosilib chiqdi.

1929 yil, 3-8 iyul - Butun Rossiya dehqon yozuvchilari 1-qurultoyida qatnashib, Maksim Gorkiy bilan uchrashdi.

1929 yil, yoz oylari - Krimdagi sanatoriylarning birida Vladimir Mayakovskiy bilan uchrashdi.

1930 yil - «Tong shabadasi» hikoyalar to‘plami nashr etildi.

1931 yil - «Olov sochlar» she’rlar to‘plami e’lon qilindi.

1932-1933 yillar - «O‘zbekiston sho‘ro adabiyoti» jurnalida mas’ul kotib bo‘lib ishladi.

1935 yil – taniqli shoira Zulfiyaga uylandi.

1936 yil – Aleksandr Pushkinning «Kavkaz asiri» va «Suv parisi» asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildi.

1937 yil - shoirning to‘ng‘ich farzandi Hulkar Olimjonova tug‘ildi.

1937 yil - «She’rlar» to‘plami bosilib chiqdi.

1938 yil - «Zaynab va Omon» dostonini yaratdi.

1939 yil - ikkinchi farzandi Omon dunyoga keldi.

1940 yil – Alisher Navoiyning 500 yillik yubileyi komiteti raisining o‘rinbosari bo‘ldi.

1941 yil 27 dekabr - Toshkent ziyolilarining fashizmga qarshi umumshahar yig‘ilishida nutq so‘zladi.

1942 yil - Kommunistik partiya safiga qabul qilindi. Shu yili «Qo‘lingga qurol ol», «Ona va o‘g‘il» she’riy kitoblari bosilib chiqdi.

1943 yil, 17 fevral - O‘zbek xalqining delegatsiyasi tarkibida Markaziy frontga bordi.

1943 yil, may - O‘zbekiston SSR Fanlar Akademiyasi muxbir a’zoligiga saylandi.

1943 yil, 20 avgust - Hamza nomidagi o‘zbek davlat drama teatrida u yozgan pesa asosida sahnalashtirilgan «Muqanna» spektaklining premerasi bo‘ldi.

1943 yil, noyabr - «Ishonch» she’rlar to‘plami nashr etildi.

1944 yil, may - shoirning so‘nggi asari «Jinoyat» pesasi ustida olib borgan ishlari yakunlandi.

1944 yil, 3 iyul - avtomobil halokati oqibatida vafot etdi.

1944 yil, 21 avgust - O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va O‘zbekiston SSR Xalq komissarlari Sovetining qaroriga binoan Toshkent shahridagi ko‘chaga, Samarqand viloyat musiqali drama teatriga, Jizzaxdagi pedagogika o‘quv yurtiga, Jizzax mahallasiga Hamid Olimjon nomi berildi. O‘zbekiston Davlat nashriyotiga rus va o‘zbek tillarida shoirning «Tanlangan asarlari» to‘plamini nashr etish vazifasi yuklatildi.

1973 yil - vafotidan so‘ng O‘zbekiston Lenin komsomoli mukofoti laureati bo‘ldi, «Hurmat belgisi» ordeni bilan mukofotlandi.

2017 yil, noyabr - Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya xotirasiga bag‘ishlab yodgorlik majmuasi barpo etildi.

2017 yil, dekabr - Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Hamid Olimjon maydonidagi haykali Alisher Navoiy nomli O‘zbekiston milliy bog‘i hududidagi “Adiblar xiyoboni”ga ko‘chirildi.

 Izzatulla Norquvvatov tayyorladi.