Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Bemorning yaqinlari tomonidan kaltaklagan ikki shifokor og‘ir ahvolda shifoxonaga tushdi

Shu yilning 25 sentyabr kuni soat 22.01 da Toshkent shahar “Tez yordam” stansiyasi “Call-markazi”ga Yashnobod tumani Botkina ko‘chasi, 4-uy, 38-xonadonda yashaydigan A.A.ning ahvoli og‘irlashgani haqida qo‘shnisi xabar beradi. Bu ma’lumot zudlik bilan Yashnobod tumani 3-podstansiyasiga yetkaziladi va “Tez yordam” brigadasi soat 22.18 da aytilgan manzilga yetib boradi.

Vrach Q.S. va  feldsher M.O. bemor A.A.ni ko‘rikdan o‘tkazganida u vafot etgani ma’lum bo‘ladi. Biroq bemorning yaqinlari shifokorlardan bemorga ukol qilish, reanimatsiya yordami ko‘rsatishni talab qiladi. Shifokorlar ularga bu foydasiz ekanini tushuntirishiga qaramasdan, bemorning yaqinlari tibbiyot xodimlariga tahdid qilishda davom etadi. Shunda feldsher M.O. uyning yo‘lagiga qochib chiqadi. Bemorning yaqinlaridan uch kishi uning ortidan quvib, yo‘lakda uni kaltaklaydi.

Natijada M.O. jiddiy tan jarohati olib, yo‘lovchi mashinada  Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasiga boradi. U yerda feldsherga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, olgan tan jarohati og‘ir bo‘lgani uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuboriladi.

“Bemorga bosh miya yopiq jarohati, yuz-jag‘ jarohati, ko‘krak qafasi yopiq jarohati, buyrak jarohati tashxisi qo‘yilgan. Shifokor Q.S. ham jiddiy tan jarohati olgani bois ayni paytda davolanmoqda”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Ta’kidlanishicha, SSV shifokorlarning salomatligini qat’iy nazoratga olgan. Hozirda mazkur holatga huquqiy baho berish, tibbiyot xodimlarining haq-huquqini himoyalash maqsadida Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat yo‘llangan.